Mahalla uchun yangi bino qurildi
Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi “Quruvchi” mahallasining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Bino davlat xususiy sherikchilik asosida “Meramax DREAM” MCHJ tomonidan 1 milliard so‘m evaziga bunyod etildi.

Mahallada 2138 oilada 7748 nafar kishi yashaydi. Shu kunga qadar mahalla yotoqxona binosida joylashgan edi. Yangi binoda esa mahalla xodimlarining samarali faoliyat yuritishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boshqaruvi va shahar bo‘linmasi tomonidan kompyuter jamlanmasi hamda maishiy jihozlar olib berildi.

– Joriy yilning o‘zida shahardagi beshta mahalla fuqarolar yig‘inlariga kompyuter, bitta mahallaga esa mebel jihozlari olib berildi. Bundan ko‘zlangan maqsad mahallalarda ishlaydigan xodimlarga munosib sharoit yaratib berishga ko‘maklashishdir, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Zarafshon shahar bo‘linmasi raisi Dilshod Husenov.
A.Bo‘riyev, O‘zA