Mahalla raisligiga eng munosiblar saylanadi
Surxondaryoda mahalla raislari saylovini yuksak saviyada o‘tkazish uchun 6 ming 675 a’zodan iborat ishchi guruh faoliyat yuritmoqda Joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tadigan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovida Surxondaryo viloyatidagi 721 ta mahallaga rais saylanadi.
Ayni paytda viloyatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022 yil 16 martdagi “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq muhim tadbirni ochiq, oshkora o‘tkazishga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Prezidentimiz shu yil Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida hududlarda mahallabay, xonadonbay tamoyilini joriy etish orqali mahallaning jamiyat ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, soha faoliyatini chuqur isloh qilish orqali odamlarning hayotidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashga alohida e’tibor qaratdi. Buning uchun o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada rivojlantirib, mahallani xalqimizning dardu-tashvishlari, ezgu orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaqindan biladigan tuzilmaga aylantirish vazifasi belgilab berildi.
– Mamlakatimizda o‘tmishdan shakllangan noyob bu institut “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” da yangi bosqichda rivojlantirilib, tashkiliy-huquqiy asoslarini mustahkamlash, oilalarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash va aholi muammolari bilan samarali ishlash uchun yetarli sharoit yaratilmoqda, – deydi fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasi raisi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi Abdukarim Ahmedov. – Mahalla jamiyatimizning tom ma’nodagi milliy muhim boshqaruv bo‘g‘iniga aylanayotgan bir paytda vohada saylovni yuksak saviyada tashkil etish uchun fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat, tuman va shahar komissiyalari, mahallalarda saylovni tashkil etish va o‘tkazuvchi ishchi guruhlari tuzildi.
Hududlarda o‘quv-seminarlari uyushtirilib, saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasi, saylov byulleteni namunasi, saylovni o‘tkazish, nomzodlar ko‘rsatish tartiblari xullas, tashkiliy-huquqiy asoslari atroflicha tushuntirildi. Qonunga muvofiq belgilangan muddatda saylov o‘tkaziladigan manzillar aniqlanib, ro‘yxati shakllantirildi. Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman va shahar komissiyalari tegishli jadval asosida fuqarolar yig‘inini chaqirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilib, ilk yig‘ilishlarini o‘tkazdi.Mahalalarda 6 ming 675 kishidan iborat saylovni tashkil etish va o‘tkazuvchi ishchi guruhi tuzildi. Belgilangan me’yor asosida saylov yoshiga to‘lgan fuqarolar umumiy sonining o‘n ikki foizidan kam bo‘lmagan miqdorda ya’ni, 185 ming 811 nafar mahalla hayotida faol qatnashadigan vakillar shakllantirilib, ko‘cha va xonadonlarga taqsimlandi.
Ishchi guruh a’zolari ham hududlardagi ko‘cha hovli va uylarga biriktirilib, fuqarolar vakillarini saylash bo‘yicha umumiy yig‘ilishlarini o‘tkazish jadvali tasdiqlandi. Ma’lumki, mahalla raislarining uch yilga saylanishi bu ular uchun katta ishonch va mas’uliyat belgisidir. Endilikda mazkur vakillik normasi asosida o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi hovlilar, uylar va ko‘chalarda saylov o‘tkaziladigan sana, vaqt, joyi belgilanib, saylovni amaldagi qonunlarimiz doirasida tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Bu ishlarni joylardagi ko‘maklashuvchi komissiyalar a’zolari nazorat qiladi. Barcha masalalarni muvofiqlashtirish uchun viloyat, tuman va shahar shtablari tashkil etilgan. Eng munosib nomzodlarni tanlash va tavsiya etish ham muhim vazifalardan biridir. Bunda aholining o‘y-tashvishini chuqur biladigan, yetakchilik qobiliyatiga ega kishilarning tanlanishi fuqarolar yig‘inlari faoliyatini samarali tashkil etishda muhim o‘rin tutadi.
Mamlakatimizda mahalla fuqarolar yig‘inlarining faoliyati kuchaytirilib, aholi duch kelayotgan muammo va muhim masalalarni shu yerning o‘zida hal etish uchun qulay imkoniyat yaratilmoqda. Buning uchun mahallalarda hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli singari yangi lavozimlar joriy etilib, barcha ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yishga e’tibor kuchaytirildi. Bu jarayonda eng munosib nomzodlarning rais etib saylanishi ulkan yangilanish va o‘zgarishlarning qaynoq nuqtasiga aylanayotgan mahallalarda barcha ishlarni yanada sifatli amalga oshirib, ko‘p millatli xalqimizning osuda, ahil-inoq, farovon yashashiga xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA