Mahalla obodligiga barcha birdek hissa qo‘shmoqda
Hasharda xalqimizga xos bag‘rikenglik, o‘zaro hamjihatlik va mehr-oqibat mujassam. Bugun yurtimizning barcha go‘shalarida “Mahalla obodligi – yurt farovonligi” shiori ostida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda.
– Bizning mahallamizda ham umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda, – deydi Navoiy shahridagi “Mustaqillik” mahallasi raisi Shirin Allaberganova. – Mahalladagi 22 ta ko‘p qavatli uyda 5 ming nafardan ziyod turli millat vakillari istiqomat qiladi. Ularning 2483 nafari xotin-qizlar, 875 nafari yoshlardir. Hasharga barcha xonadon vakillari jalb qilindi. Ko‘p qavatli uylar atrofi, ariqlar tozalanib, chiqindilar bir joyga to‘plandi. Mavjud daraxtlar oqlanmoqda. Xullas, hasharda hamma birdek ishtirok etmoqda.
Ramazon hayiti arafasida tashkil etilayotgan hasharda viloyatdagi mavjud 330 ta mahalla ahli, barcha tashkilot va korxonalar xodimlari faol ishtirok etayotir. Bugun ko‘chalar obodonlashtirilib, ariq va zovurlar tozalanmoqda. Ekilgan daraxt va gullar parvarishlanib, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar xolidan xabar olinmoqda.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limidan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joylarda o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hashari davomida 160 ming nafarga yaqin fuqaro ishtirok etayotgan bo‘lsa, ularning 91 ming nafarini yoshlar tashkil etmoqda.
Hozirga qadar 248 gektar maydon obodonlashtirilib, 253 tonna turli maishiy va qurilish chiqindilari chiqarib tashlangan. Shuningdek, 108 ta oilaning 2200 metr kvadratdan ziyod uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlandi. Ta’mirlash jarayonlariga qariyib 31 million so‘m sarflandi. 320 nafar ehtiyojmand oilaga moddiy yordamlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, ularning 108 nafari nogiron va keksa yoshdagi kishilardir. Sarflangan qariyib 80 million so‘m mablag‘ning 51 million so‘mi “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘idir.
Shuningdek, 202 ta qabriston, 13 ta ziyoratgoh obod etilib, 23 kilomter ariq va zovurlar tozalangan.
Viloyatda “Mahalla obodligi – yurt farovonligi” shiori ostidagi umumxalq xayriya hashari davom etmoqda.
[gallery-6899]
Abduvali BO‘RIEV,
Siroj aslonov (surat), O‘zA