Mahalla — islohotlar manzili
FOTOREPORTAJ
Buxoro shahridagi Namozgoh mahallasida aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oilalar farovonligini oshirish hamda ijtimoiy masalalarni manzilli hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida Buxoro shahar hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Gulhayo Haydarova mahalla faollari va mutasaddilar bilan muloqot qildi. Unda xotin-qizlarning bandligi, murojaatlari, tadbirkorlik tashabbuslari hamda oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-31144]
Shuningdek, mahallaning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati ham ko‘rib chiqildi. Aholini zarur xizmatlar bilan uzluksiz ta’minlash, mavjud muammolarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha belgilangan vazifalar muhokama qilindi.
Ayni paytda Namozgoh mahallasida 6 ming 247 nafar aholi istiqomat qilib, hududda 150 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Kambag‘allik reyestriga kiritilgan oilalar bilan manzilli ishlash, ularni bandlik va tadbirkorlikka jalb etish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
Mustaqillik bayrami va yangi o‘quv yili arafasida mahallada obodonlashtirish, xavfsizlikni ta’minlash, aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA