Mahalla bankiri ish boshladi
ATB Turonbank tomonidan Navoiy viloyati Navbahor tumani Arabsaroy mahallasida mahalla bankiri ish boshladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan loyiha doirasida mahalla bankirlari birinchi galda o‘zlariga biriktirilgan hududning biznes imkoniyatlarini o‘rganadi. Mahalliy aholi bilan uchrashuvlarda ularning g‘oyalarini tijorat loyihalariga aylantiradi. Fuqarolarning kredit olishi va belgilangan tartibda qaytarishiga ko‘maklashib, biznesni yo‘lga qo‘yish va ishlab chiqarilgan mahsulotini sotishni o‘rgatadi.

– Arabsaroy mahallasida 530 ta xonadonda 2450 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi ATB Turonbank Navoiy bank xizmatlari markazi yetakchi mutaxassisi Hasan Abdimurodov. – Mahallaning asosiy drayveri xizmat ko‘rsatish va chorvachilik hisoblanib, jami aholining 98 nafari tadbirkorlik bilan band. Hozir aholining moliyaviy ahvolini yanada yaxshilashga va tadbirkorlikni rivojlantirishga yordam berish maqsadida turli moliyaviy xizmatlar, kreditlar hamda investitsiya imkoniyatlari haqida maslahatlar berib, faktoring, depozit kabi manfaatli bank xizmatlari haqida tushunchalar bermoqdamiz.

Albatta, ushbu tashabbus aholining ijtimoiy va iqtisodiy ehtiyojlarini joyida hal qilish, har bir fuqaro bilan yaqindan ishlash hamda mahallaning rivojlanish salohiyatini kuchaytirishda muhim qadam bo‘ladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri