"MAHA-2026": Malayziyada O‘zbekiston mahsulotlariga katta qiziqish bildirildi
Malayziyaning Selangor shtatida o‘tkazilayotgan “Malaysia Agriculture, Horticulture and Agrotourism” (MAHA) xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida O‘zbekiston ilk bor ishtirok etmoqda.
Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan mazkur nufuzli ko‘rgazma bu yil 130 gektar maydonda tashkil etilgan bo‘lib, unda 2 mingdan ortiq kompaniya va 14 ta xorijiy davlat ishtirok etmoqda. Ko‘rgazmaga 5 milliondan ortiq tashrif buyuruvchi kelishi kutilmoqda.
O‘zbekistonning milliy pavilonida 15 ta mahalliy tadbirkor tomonidan 100 ga yaqin turdagi mahsulotlar, jumladan, ho‘l va quritilgan mevalar, konserva va sharbat mahsulotlari, milliy shirinliklar, mineral o‘g‘itlar hamda hunarmandchilik buyumlari namoyish etilmoqda.
Malayziya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Mohamad Sabu hamda boshqa rasmiylar O‘zbekiston paviloniga tashrif buyurib, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, xilma-xilligi va eksport salohiyatiga yuqori baho berdi. Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Malayziyaning davlat tashkilotlari, yirik kompaniyalari, investorlar va tadbirkorlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar hamda B2B muzokaralar o‘tkazmoqda.

Xususan, Malayziya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligi rahbariyati bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, vazirlikning Toshkentda vakolatxonasini ochish, ilg‘or texnologiyalar transferini yo‘lga qo‘yish hamda mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuvini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Malayziya Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlarini rivojlantirish instituti (MARDI) mutasaddilari bilan O‘zbekistonda tashkil etilgan Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tadqiqotchilarining malakasini oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Akademiya tadqiqotchilari uchun MARDI bazasida qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Malayziya vazirligiga qarashli Marketing agentligi (FAMA) bilan Malayziyada yetishtiriladigan tarvuz, qovun va sabzavotlarni O‘zbekiston sharoitida yetishtirish hamda kelgusida Malayziya bozoriga eksport qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi. Baliqchilik departamenti hamda sholichilikka mas’ul BERNAS agentligi bilan ilg‘or tajribalarni o‘rganish, shuningdek, agroturizm yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari Malayziyaning yirik kompaniyalari va mahalliy tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan B2B uchrashuvlar natijasida O‘zbekiston mahsulotlarini Malayziya bozoriga eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilib, tegishli eksport shartnomalari imzolandi. Xalqaro halol standartlarini joriy etish maqsadida “Jafaar Industries” kompaniyasi bilan O‘zbekiston tadbirkorlari uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA