Magnus Karlsen: “Sindorov ilk partiyalarda yetakchilikka erishsa, Gukesh uchun oson bo‘lmaydi”
Norvegiyalik afsonaviy shaxmatchi Magnus Karlsen joriy yilning 24-noyabr-12-dekabr kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida mahoratli shaxmatchimiz Javohir Sindorov va hindistonlik Gukesh Dommaraju o‘rtasida jahon chempionligi uchun kechadigan o‘yinida har ikki grossmeysterning imkoniyatlari xususida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi reytingida peshqadamlik qilayotgan sobiq jahon chempioni “The Prakhar Gupta Xperience x Global Chess League” ko‘rsatuvida mazkur qarama-qarshilikdagi match va g‘oliblik uchun imkoniyatlar haqida so‘z yuritib, “Javohir Sindorov yaqqol favorit... O‘ylashimcha, u g‘alaba qozonadi. U har tomonlama yaxshiroq shakllangan”, deya ta’kidladi.

Shuningdek, Karlsen "menimcha, "himoya" so‘zi o‘yinni boshlash uchun har ikkisi uchun ham eng yaxshi harakat emas, chunki Gukeshning so‘nggi ikki yildagi o‘yiniga e’tibor qaratsangiz, u hech narsani himoya qilishi kerak bo‘lgan holatda bo‘lmaydi. Hind shaxmatchisi qo‘lga kiritish uchun kerak bo‘lgan hamma narsaga ega bo‘lgan vaziyatda. U 2024-yili dekabr oyida Singapurda xitoylik Din Lijenni mag‘lub etib, eng yosh jahon chempioni bo‘ldi. O‘shanda juda yuqori darajada o‘ynash imkoniyatiga ega ekanligini ko‘rsatdi. Menimcha, agar Sindorov bahsda erta peshqadamlikni qo‘lga kiritsa, bu, Gukeshni juda yomon vaziyatga solib qo‘yishi mumkin. Aks holatda Gukesh erta peshqadamlikni qo‘lga kiritsa, Javohir uchun murakkab jarayonni vujudga keltiradi. Nima bo‘lganda ham, shaxmat ixlosmandlari eng yosh chempionlik jangiga guvoh bo‘ladi”, deya fikr bildirgan.
T.Ro‘ziyev yozib oldi, O‘zA