Mag‘lubiyatlar ertangi g‘alabalarga poydevor bo‘la oladimi?
Shu kunlarda Chexiyaning Praga shahrida suv polosi bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida 21-jahon chempionati qizg‘in davom etmoqda.
Avval xabar berganimizdek, mazkur chempionatda 18 davlat to‘rtta guruhga bo‘lingan holda bahslarga kirishgan. Mamlakatimiz sportchilari “A” guruhida Italiya, Xorvatiya, Rossiya va Argentina jamoalari bilan keyingi bosqichga chiqish uchun bahslashmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi ilk o‘yinni 28 avgust kuni rossiyalik tengdoshlariga qarshi o‘tkazgan bo‘lsa, 29 avgustda Argentina bilan, kecha esa italiyalik sportchilar bilan bahslashdi. O‘tkazilgan barcha o‘yinlarda raqiblariga imkon bergan sportchilarimiz bugun guruhdagi barcha uchrashuvlarni g‘alaba bilan yakunlagan Xorvatiya terma jamoasi bilan ro‘baro‘ keladi. Mazkur uchrashuv qanday natija bilan tugagan taqdirda ham terma jamoamiz jahon chempionatining keyingi bosqichiga chiqa olmaydi.

Suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatidagi mag‘lubiyatli o‘yinlari haqida avvaliga O‘zbekiston suv sport federatsiyasi bilan bog‘lanmoqqa chog‘landik. Natija bo‘lmadi. Keyin esa Turizm va sport vazirligi matbuot xizmatiga murojaat qildik. Ular ham tayinli javob aytisha olmadi. Murojaatimizning so‘nggi manzili suv sport turlari bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi bo‘ldi.
Suv sport turlari bo‘yicha ROSMM direktori Dilshod Maksumovga masala mohiyatini aytgandik, to‘g‘ri tushundi va bizga quyidagilarni so‘zlab berdi:
- Chexiyada o‘tkazilayotgan 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionatida deyarli barcha davlatlar 19-20 yoshli sportchilar bilan qatnashmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi esa 2004 yilda tug‘ilgan yoshlardan iborat. 17 yoshli sportchilarimizni mazkur nufuzli musobaqaga yuborishimizdan maqsad, eng avvalo, o‘smirlarimizning tajribasini oshirish, xalqaro musobaqalardagi ko‘nikmasini shakllantirish. Aynan ushbu yoshdagi sportchilarimiz 2025 yil Toshkentda bo‘lib o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilishi belgilangan.
Bundan tashqari, ular kelajakda suv polosi bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoasining asosini tashkil qilgan holda kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatlari, olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadi. Shu boisdan hozirdan kelajak zahirasini ko‘zlagan holda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
- Demak, jahon chempionatida ishtirok etishdan maqsad tajriba oshirish ekan-da?
- Har qanday chempionat musobaqalari aslida barcha davlatlarning sportchilari uchun olimpiya va qit’a o‘yinlari oldidan juda katta tajriba va malaka oshirish maktabi vazifasini o‘taydi. Yaqinda, 13 avgustda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Tokio olimpiadasi ishtirokchilari bilan bo‘lgan uchrashuvda jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va ularni kelgusi olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini ta’minlash masalasida bir qator ko‘rsatmalar bergan edilar. Jamoalarning olimpiya va boshqa nufuzli musobaqalardagi ishtiroki esa albatta, xalqaro musobaqalarda ko‘proq ishtirok etib, tajriba to‘plashga bog‘liq. Shu boisdan, Chexiyadagi musobaqalar vakillarimizning kelgusi sport faoliyatida muhim musobaqa maydoni bo‘lmoqda. Asosiysi, yosh sportchilarimizning “ko‘zi pishdi”, kuchli jamoalarning texnik va taktik harakatlarini o‘rgandi.
- Mazkur jahon chempionatida O‘zbekiston suv polosi federatsiyasining ishtiroki bo‘ldimi?
- Mamlakatimizda yagona suv polosi federatsiyasi mavjud emas. Yurtimizdagi suv sport turlariga daxldor bo‘lgan to‘rtta yo‘nalish bitta tashkilotga – O‘zbekiston suzish federatsiyasiga tegishli. Ammo Tokio olimpiadasi oldidan mamlakat suzish federatsiyasida yuzaga kelgan muammolar sababli Chexiyadagi jahon chempionatining tashkiliy ishlarida ular qatnasha olmadi.

- Bevosita Chexiyadagi musobaqalar xususidagi fikringiz qanday?
- Jahon chempionatida 18 jamoa qatnashayotgan bo‘lsa, undagi Yevropa jamoalari eng kuchli hisoblanadi. Barcha sportchilar yil mobaynida klublar o‘rtasidagi va ichki birinchiliklarda muntazam qatnashib kelayotgan sportchilar. Bizning yosh sportchilarimiz uchun bu ilk jahon chempionati.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik sportchilar o‘zlaridan deyarli 3-4 yosh katta bo‘lgan professionallar bilan bellashishdi. Masalan, bizning guruhimizdan joy olgan Rossiya, Italiya va Xorvatiya jamoalari o‘z vaqtida jahon va Yevropa chempionatlarining sovrindori bo‘lgan jamoalar hisoblanadi. Argentina bo‘lsa Pan Amerika o‘yinlarining yetakchisi. Bunday kuchli jamoalar bilan o‘ynash esa O‘zbekiston suv polochilari uchun foydadan holi emas. To‘g‘ri, Praga bahslarida yoshlarimiz yutqazdi. Lekin bu mag‘lubiyatlar ertangi g‘alabalarga zamin bo‘ladi, deb o‘ylayman. Mana, qo‘shni Qozog‘iston jamoasini olaylik, ular “D” gruhidan o‘rin olgan. Xuddi bizdek birinchi marta jahon chempionatida qatnashmoqda. Ishtiroki ham o‘zimizniki bilan deyarli bir xil. Ular ham Qozog‘iston polosining ertasini o‘ylab harakat qilishmoqda.
Haqiqatdan ham, toqqa chiqmasang do‘lona qayda deganlaridek, katta musobaqalarning xavosini olish, kuchlilar bilan bir maydonda harakat qilish alaloqibat professionallar safiga qo‘shilishga undaydi. O‘rtamiyona, tajribasi yetarli bo‘lmaganlar bilan bellashish esa hamisha pastdan balandroq, balanddan pastroq bo‘lib yurishga olib keladi. Bu isbotlangan teoriya. Suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston yoshlarining ko‘zlagan manzillari ne chog‘lik yuksakligini esa vaqt ko‘rsatadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA