“Made in Uzbekistan” brendining Rossiya bozoridagi o‘rni yanada mustahkamlanadi
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida Rossiya Federatsiyasi yirik savdo tarmoqlaridan biri – “Magnit”ning strategik hamkorlari hisoblangan “Grand Trade” hamda “MTT Kargo” kompaniyalari, shuningdek, mahalliy mahsulot yetishtiruvchilar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda 160 dan ortiq mahsulot yetishtiruvchi sub’ektlar, sohaning qator vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘z korxonalarining eksport salohiyati, ishlab chiqarish quvvatlari hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar haqida taqdimot o‘tkazdi. Shuningdek, mahsulotlarning mavsumiy turlari, kutilayotgan hosil hajmi va tashqi bozor talablariga moslik darajasi yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
“Grand Trade” kompaniyasi vakillari Rossiya bozoridagi zamonaviy talablarga alohida to‘xtalib, mahsulotlarni kalibrovka qilish, zamonaviy qadoqlash, fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash hamda logistika tizimining ishonchliligi bugungi kunda asosiy mezonlardan biri ekanini ta’kidladi, deyiladi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lumotida.
Mazkur uchrashuv mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish, eksport geografiyasini kengaytirish hamda “Made in Uzbekistan” brendining Rossiya bozoridagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
M.HOJIAKBAROVA,
O‘zA