Madaniyat va san’at sohasida iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi tizim joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu uchrashuvga tayyorgarlik davomida ko‘plab ijodkorlar bilan suhbatlar o‘tkazildi, madaniyat va san’at ob’ektlari joyiga borib ko‘rildi.
Davlatimiz rahbari mazkur muloqotning maqsadi sohadagi muammolarga yechim topish hamda adabiyot, madaniyat, san’at va kreativ iqtisodiyotda yangi muhit yaratadigan katta tashabbuslarni boshlab berishdan iborat ekanini ta’kidladi.
Sohada iste’dodlarni yuzaga chiqarish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi tizim joriy qilinishi qayd etildi. Jumladan, teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholg‘u, tasviriy va amaliy san’at kabi 21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi.
Ijodiy birlashmalarga bir tomondan ustoz ijodkorlar, ikkinchi tomondan esa vazirlar va kompaniya rahbarlari hamrais bo‘ladi.
Bu jarayonda o‘z maktabini yaratgan san’atkorlarimiz yoshlarga kasb sirlari va sahna madaniyatini o‘rgatadi.
Vazirlar va kompaniya rahbarlari esa eng quyi pog‘onaga tushib, tumanlardagi musiqa maktablari va badiiy jamoalar bilan uchrashib, ularning muammolariga yechim topadi. Yoshlarning ijodiga yangi nafas olib kirish uchun har bir ijodiy birlashma kesimida mahalla – tuman – viloyat – respublika tanlovlarini tashkil qiladi. G‘olib va sovrindorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularni gastrol safarlari, festivallar va xalqaro tanlovlarda ishtirok etishiga ko‘maklashadi.
O‘zA