Madaniy meros bo‘yicha xalqaro hamkorlik
Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida yurtimizda ajdodlarimizdan qolgan boy, bebaho madaniy merosimizni asrash, tiklashga doir ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Yurtimizning boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob va nodir madaniy merosni asrab-avaylash, moddiy madaniy meros ob’ektlarini aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, targ‘ib qilish, yurtimiz muzeylarida milliy muzey fondining davlat katalogini yuritish, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini milliy muzey fondi tarkibiga kiritish kabi masalalar dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Darhaqiqat, moddiy madaniy meros ob’ektlarini aniqlash, muzey ashyolari va kolleksiyalarining elektron katalogini tashkil etish turizm sohasini ham yanada rivojlantirishga innovatsion yondashuv bo‘lib xizmat qiladi.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Turkiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Kastamonu universiteti vakillari o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi. Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda institut rektori Nodirbek Sayfullayev hamda Kastamonu universiteti rektori Ahmet Topal Hamdi tomonidan bugun Turkiya va jahonda betakror o‘zbek madaniyati, boy moddiy madaniy merosiga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgani e’tirof etildi.
Ikkala oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy va madaniy hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.
Memorandumda o‘zaro professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, moddiy madaniy merosni asrash, ta’mirlashga doir mahorat darslari, konferensiyalar uyushtirish, muzeyshunoslik sohasining barcha tarmoqlarini rivojlantirishga oid xalqaro fundamental loyihalar, ilmiy dasturlar yaratish kabi bir qator muhim vazifalar o‘z aksini topdi.
O‘zA