Madaniy meros bo‘yicha ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
Jizzaxning har bir go‘shasida kechmishning bir parchasi bor. Qadim tepaliklar, asrlar silsilasidan omon qolgan me’moriy obidalar, ziyoratgohlar, muzeylarda asralayotgan noyob ashyolar — bularning barchasi xalqning kechagi kuni haqida so‘zlaydi. Ammo bu meros borasida bilishning o‘zi kifoya emas. Uni asrash, kelajak avlodga butun holicha yetkazish va bu boylikdan el manfaati yo‘lida oqilona foydalanish ham katta mas’uliyatdir.
Jizzax viloyati madaniy meros boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda G‘allaorol tumani “Uzunbuloq” MFY hududidagi Sa’d ibn Abu Vaqqos ziyoratgohida o‘tkazilgan ochiq muloqotda ana shu mas’uliyatning amaliy ifodasi, sohadagi yutuq va muammolar haqida so‘z bordi.
Ochiq muloqotda fuqarolar, jurnalistlar, blogerlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillariga viloyatda madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, asrash va ulardan foydalanish borasida 2026-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar xususida axborot berildi.
Raqamlarga murojaat qilsak, Jizzax viloyatida 432 ta madaniy meros ob’ekti mavjud. Ularning 159 tasi mahalliy, 273 tasi respublika ahamiyatiga ega. Viloyatda 268 ta arxeologiya, 100 ta arxitektura va 59 ta monumental yodgorlik qayd etilgan. Eng ko‘p ob’ekt Zomin tumanida — 109 ta, G‘allaorol tumanida — 71 ta, Baxmal tumanida — 68 ta va Sharof Rashidov tumanida — 50 ta.
Bu shunchaki statistika emas. Har bir raqam ortida muayyan tarix, muayyan hudud va muayyan mas’uliyat turibdi. Ayniqsa, ob’ektlarning texnik holati bu borada jiddiy o‘ylashga undaydi. 268 ta arxeologiya ob’ektining 68 tasi yaxshi, 160 tasi qoniqarli, 41 tasi avariya holatida. 100 ta arxitektura yodgorligining 36 tasi yaxshi, 34 tasi qoniqarli, 30 tasi avariya holatida. Demak, asrash masalasida faqat bugungi holatni qayd etish emas, ertangi kunni ham o‘ylash zarur.
Shu bois 2026-yilning o‘tgan davrida davlat muhofazasiga olingan 155 ta moddiy madaniy meros ob’ektida xatlov, monitoring va nazorat o‘rganishlari o‘tkazildi. Ob’ektlarning texnik holati, muhofaza hududlari, yer uchastkalari chegaralari, noqonuniy qurilish va boshqa ruxsatsiz ishlar mavjudligi o‘rganildi. Muhimi, ushbu tadbirlar davomida noqonuniy qurilish, ob’ektlarga shikast yetkazish, o‘zboshimchalik bilan rekonstruksiya qilish yoki boshqa qonunbuzilish holatlari aniqlanmadi.
[photobank-30843]
Bu yaxshi natija. Ammo bu holat xotirjamlikka asos bo‘lmasligi kerak. Zero, tarixiy obidaga zarar yetkazilgandan keyin uni tiklash ko‘pincha uni asl holicha saqlashdan ancha qiyin va qimmatga tushadi.
Bugun madaniy merosni muhofaza qilish tushunchasi faqat devor, gumbaz yoki qadimiy tepalikni asrash bilan cheklanmaydi. Uning ilmiy qiymatini ochish, jamoatchilikka tanitish, turistik salohiyatini ro‘yobga chiqarish ham muhim. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Jizzaxdagi “Xonbandi” yodgorligi, “Kultepa shahristoni”, “Miq qal’asi”, “To‘rtko‘l tepa” arxeologiya yodgorliklarini YUNESKO ning jahon ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ma’lumotlarning Madaniy meros agentligiga taqdim etilgani e’tiborga molik. Hozircha viloyatda Umumjahon madaniy merosi YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan ob’ektlar mavjud emas. Demak, bu borada qilinadigan ishlar hali ko‘p.
Madaniy boyliklarni asrashning yana bir muhim jihati — ularning noqonuniy ravishda olib chiqib ketilishining oldini olish. 2025-yilda “Qo‘shkent” chegara bojxona postida aniqlangan 5 dona buyum ekspertizadan o‘tkazilib, madaniy boyliklarga taalluqli ekani aniqlandi. Ularning umumiy qiymati 1.900.000 so‘mni tashkil etgan. Sud qarori bilan ashyolar Jizzax viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi fondiga topshirildi.
2026-yilda esa ekspertizaga taqdim etilgan 84 dona, taxminiy qiymati 24 090 000 so‘mlik ashyolar madaniy boyliklarga taalluqli va badiiy, tarixiy ahamiyatga ega ekani aniqlandi. Ularni O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish man etildi. Shuningdek, 17 dona ashyoni olib chiqish uchun sertifikat talab etilishi belgilandi. Ashyolar ham sud qarori bilan muzey fondiga topshirildi. Bu holatlar bir haqiqatni eslatadi: tarixiy buyum muzey vitrinasida turgandagina qadrli emas. Uning qadrini anglash va uning qonuniy himoyasini ta’minlash — butun jamiyatning vazifasi.
Ziyoratgohlar va tarixiy maskanlarni turizm nuqtalariga aylantirishda ham shu mezon ustuvor bo‘lishi kerak. 2026-yilda 4 ta madaniy meros ob’ektida ta’mirlash, restavratsiya va tiklash ishlari amalga oshirilmoqda. Buning uchun 5 milliard 718 million 600 ming so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan bo‘lib, 1 milliard 261 million 900 ming so‘mlik ishlar bajarilgan. Xo‘jamushkent ota majmuasi, “Qaliyatepa” arxeologiya yodgorligi, Xaydarbek Abdujabborov muzey binosi va Sa’d ibn Abu Vaqqos majmua ziyoratgohida ishlar davom etmoqda. “Peshag‘or g‘ori”da ta’mirlash tiklash ishlari yakunlangan.
G‘allaorol tumanidagi “Sa’d ibn Abu Vaqqos” ziyoratgohini ta’mirlash, uning turistik jozibadorligini oshirish va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish uchun 13 milliard 361 million so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. “Peshagor g‘ori” atrofida ham yo‘laklar, zinapoyalar, yoritish tizimi va sanitariya shoxobchalarini yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Biroq bu yerda bir nozik jihat bor: turizmni rivojlantirish bahonasida tarixiy muhitga zarar yetkazib qo‘ymaslik kerak. Obidani zamonaviylashtirish mumkin, ammo uning tarixiy qiyofasini yo‘qotish evaziga emas. Demak, iqtisodiy manfaat bilan tarixiy qadriyat o‘rtasida nozik muvozanatni saqlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Bu jihat muzeylar faoliyatida ham ko‘rinadi. Jizzax viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi va uning 6 ta filialida 32 ming 494 dona ashyo va eksponat saqlanmoqda. Shundan 551 donasi noyob eksponatlardir. 2025-yilda muzeylarga 20 ming 407 nafar mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida 8667 nafar tashrif buyurdi.
Muzeylar bugun faqat eksponat saqlanadigan sokin maskan bo‘lib qolmayapti. “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi doirasida 2026-yil uchun 400 million so‘m ajratilib, I chorakda 170 million 300 ming so‘mga 79 dona amaliy san’at asari xarid qilindi. Mirzacho‘l tumani o‘lkashunoslik muzeyi filialida “Muzey kafe”, Hamid Olimjon va Zulfiya filialida esa sovg‘alar do‘koni tashkil etildi.
Sharof Rashidov nomidagi xalqaro jamoat fondi va Italiyaning “Magister Art” kompaniyasi o‘rtasidagi memorandum doirasida Jizzax shahridagi Sharof Rashidov memorial muzeyini modernizatsiya qilish bo‘yicha 3 milliard so‘mlik grand yutib olingani ham sohadagi yangilanishlardan dalolat. Muzeyda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda, Sharof Rashidov yodgorlik muzeyining maxsus vagoni ham to‘liq ta’mirlandi.
Shu bilan birga, e’tibor va amaliy yordam kutayotgan masalalar bor. Sharof Rashidov tumanidagi Jizzax viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyini ta’mirlash va restavratsiya qilish zarur. Jizzax shahridagi “Xo‘ja Nuriddin madrasasi” arxitektura yodgorligi tom qismidan chakka o‘tishi esa nafaqat obidaning o‘ziga, balki uning birinchi qavatida joylashgan Hamid Olimjon va Zulfiya muzeyi filiali eksponatlariga ham xavf tug‘dirmoqda.
Tarix bizga katta meros qoldirgan. Endi navbat bizniki — uni qanday holda qabul qilgan bo‘lsak, shunday holda emas, balki yanada avaylab asrab, anglab va qadrlab keyingi avlodga topshirishimiz kerak. Chunki obidalar taqdiri aslida tarixga bo‘lgan munosabatimizning oynasidir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari