Lula da Silva saylovda g‘alaba qozondi, raqibi sudga murojaat qilmoqchi
Braziliyada prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichi yakunlandi. Ovozlarning 99,98 foizi hisoblab chiqilganidan so‘ng, amaldagi davlat rahbari Luis Inasiu Lula da Silva 51,79 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongani ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, uning asosiy raqibi Flavio Bolsonaru 48,21 foiz ovoz to‘plagan. Saylov natijalari ma’lum bo‘lgach, Meksika, Kuba, Urugvay, Boliviya va Paragvay rahbarlari Lula da Silvani g‘alaba bilan tabrikladi.
Jumladan, Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum ushbu natijani demokratiya g‘alabasi sifatida baholadi. Urugvay prezidenti Yamandu Orsi esa Braziliya rahbari bilan telefon orqali muloqot qilib, uni tabriklaganini bildirdi.
Ayni paytda Flavio Bolsonaru saylov natijalarini tan olishdan bosh tortdi. U ovoz berish jarayonida ayrim uchastkalar ish vaqti uzaytirilganini tanqid qilib, natijalarni sud orqali bekor qilishni talab etishini ma’lum qildi.
S.Rahimov, O‘zA