“Lufthansa Technik” bilan uzoq muddatli hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston aviatsiya sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish va malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishlarida yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov “Lufthansa Technik” kompaniyasi moliyaviy direktori Kristian Layfeld hamda Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Marion Edel bilan uchrashdi.
Muloqot davomida havo kemalarini texnik qo‘llab-quvvatlash, avia texnikasiga texnik xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash sohasidagi kompetensiyalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonning 2030-yilga qadar havo kemalari parkini ikki barobarga oshirish rejalari inobatga olingan holda uzoq muddatli hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Xususan, Airbus A320 ceo/neo va Boeing 787 havo kemalari butlovchi qismlarini texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvni 2035-yilga qadar uzaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, LEAP-1A va CFM56-5B avia dvigatellariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Kelgusi o‘n yillikdagi hamkorlik yo‘nalishlari, jumladan, “Uzbekistan Airways Technics” korxonasining texnik kompetensiyalarini rivojlantirish va mavjud imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida “Lufthansa Technik” va Toshkent davlat transport universiteti o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish taklifi bildirildi. Xususan, aviatsiya-texnika fakulteti talabalari uchun stajirovkalar tashkil etish, fuqaro aviatsiyasi sohasida qo‘shma ta’limiy va kasbiy dasturlarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Mazkur hamkorlikning rivojlanishi O‘zbekistonda yuqori malakali aviatsiya mutaxassislarini tayyorlash, xalqaro tajribani amaliyotga joriy etish hamda mamlakat aviatsiya sohasining kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Lufthansa Technik” — aviatsiya transportiga texnik xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan Germaniya kompaniyasi bo‘lib, “Lufthansa” aviakompaniyasining shu’ba korxonasi hisoblanadi. Kompaniya havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish, ularni ta’mirlash va modernizatsiya qilish, shuningdek, butlovchi qismlar ishlab chiqarish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha dunyodagi eng yirik beshta kompaniyadan biridir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA