Loyiha g‘oliblari aniqlandi
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda komissiya a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Yig‘ilishni Oliy Majlis Senati a’zosi, komissiya raisi Abira Huseynova boshqardi. Tadbirda 2022 yil Davlat granti ajratish uchun ikkinchi va uchinchi tanlovlari natijalari hamda g‘oliblarni aniqlash masalasi muhokama etildi.
Ta’kidlanishicha, Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik komissiyasining qaroriga asosan, Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab- quvvatlash jamoat fondi tomonidan o‘tkazilgan davlat granti ajratish uchun ikkinchi va uchinchi tanloviga jami NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlaridan 35 ta loyiha qabul qilindi. Shu jumladan, mahalla fuqarolar yig‘inidan 13 ta, nodavlat notijorat tashkilotlaridan 20 ta va ommaviy axborot vositalaridan 2 ta loyiha taqdim etilgan.

Kogon tumani Istiqbol mahalla fuqarolar yig‘inining “Mahalla ko‘zgusi” loyihasi 2022 yil 8 avgust kuni pochta orqali yetkazilgan. 2-3 tanlovlarga loyihalarning qabul qilish muddati joriy yilning 25 iyulgacha belgilanganligi inobatga olinib, ushbu loyiha kechikkanligi uchun ishchi guruhi tomonidan ko‘rilmagan. Belgilangan muddatda loyiha taqdim etgan tashkilotlarning yuridik maqomi to‘g‘risida viloyat adliya boshqarmasi hamda axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan tegishli tartibda ma’lumotlar jamlandi. Bundan tashqari, ushbu loyihalar to‘g‘risida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan munosabat bildirilgan.
–Yig‘ilishdan asosiy maqsad ushbu loyihalarni Ijtimoiy sheriklik komissiyasining 2021 yil 20 apreldagi 3-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat grantlari ajratishning yagona tartibi va shartlari to‘g‘risidagi Nizomi asosida tahlil etib, ijtimoiy ahamiyatini baholab, g‘oliblarni aniqlashdan iborat, – deydi viloyat Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi o‘rinbosari, ijtimoiy sheriklik komissiyasining a’zosi, Ishchi guruhi rahbari Hamid Beshimov. – Loyihalar ijtimoiy sheriklik komissiyasining NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining dasturi, loyihalarining ijtimoiy ahamiyatini aniqlash bo‘yicha Ishchi guruhi a’zolari tomonidan tegishli Nizom asosida ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda komissiya tomonidan g‘oliblar aniqlandi. Yig‘ilish kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Zarif Komilov, O‘zA