Loqayd bo‘lmaylik, aziz birodarlar!
Mahallamizdagi Umrinisoning eri Azmiddin koronavirus infeksiyasidan vafot etdi.
Singlimdan eshitgan bu mash’um xabar meni esankiratib qo‘ydi.Azmiddin va Umrinisa turmush qurganiga endigina uch yil bo‘ldi.Azmiddin 25 yoshda.Ayni navqiron, yoshlikning gullagan tarovatli damlarini yashayotgan zabardast yigit edi. Bitta mahallada katta bo‘lganmiz.Biror marta og‘rib, bemor bo‘lganini eshitmaganman.Ammo...
–Azmiddin va Umrinisa katta oziq-ovqat do‘konini ochishgan edi, –deydi singlim.– Eng achinarlisi, oziq-ovqat savdosi bilan shug‘ullanayotgan sotuvchilarning karantin tartibiga amal qilganini ko‘rmadim.
Kunimiz yomon xabarlarsiz o‘tmaydigan bo‘lib qoldi.To‘ylar azalar bilan qorishib ketdi.Amakimning o‘g‘lini to‘y kuni belgilangan, to‘yga taklifnomalar tarqatilgan.Ammo to‘yga bir kun qolganida tarqalgan mash’um xabar barcha qarindoshlarni tushkunlikka tushirdi.Kuyov bo‘lmishning endigina 50 yoshni qoralagan tog‘asi koronavirus infeksiyasi bilan kasallanib, bu yorug‘ olamni tark etdi. Afsus, to‘y kuniga uzoq-yaqindan barcha mehmonlar taklif qilingan.Kattalarning maslahati bilan to‘y qoldirilmadi.Ammo ikki yoshning baxt kuni yuraklarda alam, qayg‘u bilan ixchamroq tarzda o‘tkazib yuborildi.
Mahallamizda Muhiddin aka o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘lib, yaxshi niyatlar bilan to‘y boshladi.Orziqib kutilgan to‘y kuni yetib keldi.Ammo shodiyona bilan boshlangan kunda tarqalgan xabar to‘y egalarini qattiq sarosimaga soldi, qaddini bukib qo‘ydi.Muhiddin akaning 35 yoshli jiyani Nuriddin bedavo infeksiyani yuqtirib olib,shifoxonada davolanayotgan edi.Nuriddin yosh bo‘lishiga qaramasdan kasallikning 15-kunida omonatini topshirdi.To‘y azaga aylandi.
Biz bemalol ko‘cha-kuyda niqobsiz, belgilangan karantin talablariga rioya etmasdan harakatlanayotganimizda shifoxonalar to‘lib toshgan, kasallik avjiga chiqmoqda.
Biz hamon bedavo kasallik bilan hazillashayotganga o‘xshaymiz.Afsuski, xuddi butun dunyodagi kabi kasallik hech qayerga ketgani yo‘q.U biz bilan! Bu og‘ir kasallik bizga, yaqinlarimizga, oilamizga chang solishda davom etyapti.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi bilan jahondagi 220 dan ortiq davlatda jami 204 million 150 mingdan ortiq shaxs kasallangan. 4 million 316 mingdan ortiq shaxs vafot etgan. Mazkur kasallikdan bir kunda qanchalab shaxs vafot etmoqda.
Insoniyat duch kelgan pandemiya rejalarimizni buzib yubordi, iqtisodiyotga qaqshatqich zarba berdi, xalqaro aloqalarni muzlatib, xalqlarni uylariga qamab qo‘ydi.Yaqin oylarda pandemiya tugashini kutishga hatto umid ham yo‘q.
Albatta, har bir mamlakat o‘z kuchi va imkoniyatlaridan kelib chiqib, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish siyosatini olib bormoqda. Mamlakatimizda ham Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishi asoratlarini kamaytirish, bemorlarga samarali tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida davlat tibbiyot muassasalarida 5 mingdan ortiq o‘rin-joy zaxirasi yaratildi.
Koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni uy sharoitida karantinga joylashtirish va saqlash vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi nizomlar ishlab chiqilgan bo‘lsada, oramizda ko‘pchilik mazkur talablarga bo‘ysunayotgani yo‘q.
Maxsus komissiya to‘ylarda odam sonini 50 kishidan oshirishni taqiqlab qo‘ygan bo‘lishiga qaramasdan, 300, hatto undan ortiq odamlar qatnashayotgan to‘ylar davom etmoqda.
Joriy yil 5- avgust kuni Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi to‘ylardan birida qatnashdim.To‘yxonada 400 kishiga yaqin mehmon yig‘ildi. To‘y boshlanishidan oldin chiqib yaqin atrofdagi to‘yxonalarga razm soldim.Boshqa to‘yxonalarda ham yuzlab odamlar to‘y boshlanishini kutib turibdi.Deyarli hech birida niqob yo‘q, belgilangan masofa saqlanmagan.Tuman markazida joylashgan to‘yxonalar tuman hokimligi, prokuratura, IIB kabi huquq idoralariga yaqin joyda joylashgan. Bu to‘yxonalar atrofidan “kattalar” ko‘zlarini yumib o‘tsalar ham to‘plangan odamlarni ko‘rmaslikning iloji yo‘q.To‘yxona atrofida gavjumlashib turgan odamlardan esa shu to‘yxonada to‘y bo‘layotganini, odamlar soni ham 50 nafardan ko‘pligini anglab yetish u qadar qiyin emas!
–Afsuski, ayrim zamondoshlarimizning beparvoligi, loqaydligi oqibatida ba’zan mavjud vaziyat va u bilan bog‘liq xavf-xatarga nisbatan jiddiy munosabatda bo‘lmaslik holatlari ham uchrab turibdi, –deydi Toshkent shahri Chilonzor tumani “Fidokor” mahalla fuqarolar yig‘ini faoli Ra’no Omonova.– Bu esa pandemiyaga qarshi doimiy kurash olib borilayotgan bugungi sinovli kunlarda kechirib bo‘lmas holatdir.Achinarlisi, befarqlik illati biz kattalarda shakllanib qolgan.Aynan o‘zim istiqomat qilayotgan mahallada ham mana shu virus sababli har kuni kimdir onasidan,otasidan, do‘stidan, yaqinidan ayrilish holatlari uchrab turibdi.Ammo ko‘chalarda gavjum bo‘lib yarim tungacha chaqchaqlashib o‘tiradigan xotinlar, bir-biri bilan gigiyena talablariga rioya etmasdan o‘ynaydigan go‘daklar, orzu-havas iskanjasida tashkil etilayotgan tadbirlar hali-hamon virus bizdan uzoqlashmasligiga sabab bo‘laveradi.
Loqaydlik, burch va mas’uliyatni his qilmaslik, atrofdagilarning, o‘zining taqdiri va kelajagiga daxldor voqeliklarga e’tiborsizlikdir. Barcha davrlarda ziyolilar bunday illatga qarshi kurashgan, xalqni ogohlantirib kelgan.
Shuni unutmasligimiz lozimki, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish, bugungi epidemiologik jihatdan murakkab bir sharoitda davlatimiz tomonidan joriy etilgan tartib-qoidalarning to‘liq bajarilishi xavf-xatar manbaini sezilarli darajada kamaytiradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA