Lobarxon – BMTning grantlar tanlovi g‘olibi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti biologiya mutaxassisligi 1-kurs magistranti Lobarxon Yuldashova Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining xalqaro tanlovida “Qoraqalpog‘iston Respublikasida Nitraria Sibirica o‘simligining plantatsiyasini ishlab chiqish” loyihasi bilan g‘olib bo‘ldi va loyihani amalga oshirish uchun 8 ming 500 AQSH dollari miqdorida grant mablag‘i ajratildi.
Lobarxon Yuldashova ilmiy rahbari biologiya fanlari doktori, professor Alisher Ajiyev bilan qurg‘oqchilik va sho‘rga chidamli bo‘lgan Nitraria Sibirica, ya’ni oqchangal o‘simligining bioekologik xususiyatlari va xalq xo‘jaligidagi ahamiyati bo‘yicha bir necha yillardan buyon ilmiy-tadqiqotlar olib bormoqda.
– Loyihani Qonliko‘l tumanida amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, dastlabki bosqichda o‘simlik plantatsiyasini yaratishni maqsad qilganmiz. Bu Orolbo‘yining degradatsiyaga uchragan yerlarini tiklash, tuproq sho‘rlanishining oldini olish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va hududdagi yashil hududlar hajmini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, keyingi bosqichda xorijdan tegishli uskunalarni olib kelgan holda, bu o‘simlikdan mahalliy tabiiy eko-jem mahsulotini ishlab chiqarish, uni ichki va tashqi bozorlarga sotuvga chiqarish orqali olis hududlarda iqtisodiy imkoniyatlarni yaratish ustuvor maqsadimiz hisoblanadi, – deydi Lobarxon.
Ma’lumot o‘rnida, Lobarxon Yuldashova bir necha respublika va xalqaro tanlovlarda, shuningdek, 2023-2024 o‘quv yilida Ibroyim Yusupov nomidagi davlat stipendiyasi tanlovida g‘olib bo‘lgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.