Yashil taraqqiyot tamoyillari muhokama qilindi
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashida “Yashil taraqqiyot yoshlar nigohida” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida “Yashil taraqqiyot tamoyillari: tahlil va natijalar” kitobining taqdimoti hamda ekologik islohotlar, yashil taraqqiyot tamoyillari va bu jarayonlarda yoshlarning o‘rni yuzasidan ochiq muloqot ham o‘tkazildi.
Tadbirda partiya raisining birinchi o‘rinbosari Bahriddin Hofizov so‘zga chiqib, yashil taraqqiyotga o‘tish jarayonida ekologik masalalarning dolzarbligi, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda yoshlarning mazkur yo‘nalishdagi faolligini qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi.

Taqdimot davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Boriy Alixonov yashil taraqqiyotning asosiy tamoyillari, ekologik yo‘nalishdagi islohotlarning mazmun-mohiyati, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berib o‘tdi.
Shuningdek, quyi palata deputatlari ekologik siyosat va qonunchilikni takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlar haqida ma’lumot berdi. Ekologik muammolarga jamoatchilik e’tiborini kuchaytirish hamda fuqarolarning ekologik mas’uliyatini oshirish masalalari yuzasidan fikr bildirdilar.

Tadbir davomida yoshlarning ekologik jarayonlardagi ishtiroki, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ekologik bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, atrof-muhit muhofazasiga oid masalalarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda yoshlarni ijtimoiy jarayonlarga faol jalb etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Ochiq muloqotda yoshlar ham o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirib, bir qator savollarni o‘rtaga tashladilar. Ekologik islohotlar, yashil iqtisodiyot, ekologik madaniyat, yoshlarning ijtimoiy faolligi va atrof-muhit muhofazasiga oid masalalar yuzasidan fikr va takliflarini bildirdilar.
M.Komilova, O‘zA