Liviya harbiy generali Turkiyada halokatga uchradi
Liviya Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari, general Muhammad Ali Ahmad al-Haddad Anqara yaqinida yuz bergan samolyot halokatida vafot etdi, deb xabar bermoqda “Euronews” nashri.
Ta’kidlanishicha, general Turkiya poytaxtida ikki davlat o‘rtasida harbiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muzokaralardan so‘ng Tripoliga qaytayotgan bo‘lgan.
Rasmiylarga ko‘ra, “Falcon 50” turidagi uchoq parvozdan ko‘p o‘tmay texnik nosozlikka uchragan. Uchuvchilar samolyot Esenbo‘g‘a aeroportidan uchib chiqqanidan keyin elektr tizimida muammo borligini payqab qolib, favqulodda qo‘nish so‘ragan. Biroq Haymana hududi yaqinida qo‘nishga harakat chog‘ida aeroport nazoratchisi bilan aloqa uzilgan.
Hodisa oqibatida general al-Haddad bilan birga yana to‘rt nafar yuqori lavozimli harbiy amaldor va uch nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan.
Samolyot qoldiqlari Anqaradan taxminan 70 kilometr janubda joylashgan Haymana tumanidagi Qesikqavoq qishlog‘i yaqinidan topildi. Turkiya Adliya vazirligi voqea yuzasidan to‘rt nafar prokuror tergov olib borayotganini ma’lum qildi. Liviya tomoni ham o‘z mutaxassislaridan iborat guruhni Turkiyaga yuborib, qo‘shma tergovda ishtirok etishini bildirgan.
Halokatdan so‘ng Anqara aeroporti vaqtincha yopilib, ayrim reyslar boshqa shaharlarga yo‘naltirildi.
Musulmon Ziyo, O‘zA