Limonchilik oilalarni boy qiladi
Toshkent viloyatida meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash va eksportni ko‘paytirish yuzasidan belgilangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan amaliy seminarlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, Chinoz tumanida tashkil etilgan amaliy seminarda hudud mas’ullari, fermer xo‘jaliklari hamda ilg‘or tomorqa egalari, hokim yordamchilari ishtirok etdi. Dastlab tumanidagi “Humo” mahalla fuqarolar yig‘inida oxirgi paytlarda sabzavot mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.

Tajribali dehqon Po‘lat Narmetov o‘z tomorqasidagi 4,5 sotix yerda issiqxona tashkil etgan. U issiqxonada limon yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan va bu borada katta ish tajribaga ega. Seminar ishtirokchilari uning xonadonida bo‘lib, limon yetishtirishning o‘ziga xos usullari, mavsumiy agrotexnik tadbirlar, zararkunandalarga qarshi kimyoviy vositalarni qo‘llash va sug‘orish tartiblari bilan tanishdi.
Limon ko‘chatini me’yorida o‘sib rivojlanishi va mo‘l hosil berishi uchun belgilangan tartibda ishni yo‘lga qo‘yish kerak. O‘simlik yaxshi parvarish qilinsa har tupdan 400-500 tagacha limon mevasini olish mumkin. Xaridorlarning talabiga ko‘ra limonning yashil turini (laym) ham bozorlarga yetkazib berilayotgani ham ta’kidlandi. Ushbu mahsulotni yetishtirish esa oilaviy daromadni sezilarli darajada oshirib, farovonlikka erishish uchun imkoniyatdir. Seminar davomida bu kabi oilaviy tadbirkorlar tajribasini ommalashtirish borasida tavsiyalar berildi.

Shuningdek, Piskent tumani iqlimi ham limon yetishtirish uchun juda qulay. Shu yerlik dehqonlar limon yetishtirish orqali oilasi ro‘zg‘origa daromad keltirish bilan birga, bozor rastalarini ham ta’minlamoqda. Ayni sovuq mavsumda limonga ehtiyoj ortishi tabiiy. Chunki, turli kasalliklarda limon inson salomatligini tiklashda yordamchi mahsulotlardan biridir.

Seminar ishtirokchilari limon yetishtirish bo‘yicha tajribali dehqonlardan kerakli ma’lumotlar oldi.
A.Musayev, O‘zA.