Leypsigdagi dron hodisasi Rossiyaga bog‘landi (+video)
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Leypsig aeroportida portlovchi modda bo‘lgan dron bilan bog‘liq hodisa yuzasidan Rossiyaning Yevropa Ittifoqidagi vaqtinchalik vakili Karen Malayanni chaqirdi, deb xabar qildi DW nashri.
Xullas, 4-avgust kuni Leypsig aeroportida Ukrainaga tegishli yuk samolyotiga qarshi qo‘poruvchilik harakatlariga urinish bo‘lgan. Portlovchi modda bo‘lgan dron Ukrainaga tegishli bir nechta yuk samolyoti yaqinidan topilgan.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Leypsigdagi hujum davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan terrorizmning barcha belgilariga ega ekanini aytdi. U Yevropa Ittifoqi bunga qat’iy javob berishini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, Rossiya harbiy-sanoat majmuasi bilan bog‘liq 1600 ta pozitsiyani sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish ustida ish olib borilmoqda. Ro‘yxatni yana kengaytirish rejalashtirilgan.
Kallas Rossiya vakili chaqirilganini ma’lum qilib, Yevropa Ittifoqining bir qator davlatlari ham xuddi shunday chora ko‘rganini ma’lum qilgan.
Jumladan, Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Parijdagi elchixonasi vakili chaqirilganini bildirdi.
Vengriya Germaniya bilan birdamligini bildirdi. Estoniya ham dron orqali Leypsig aeroportida qilingan harakat Rossiya butun Yevropa uchun tahdid ekanini ko‘rsatganini bildirdi. Latviya va Litva hukumatlari ham Germaniyani qo‘llab-quvvatladi.
1-sentabr kuni Germaniya ichki ishlar vaziri Leypsiga eroportidagi dronlar bilan bog‘liq hodisa uchun Rossiya javobgar, deb hisoblanayotganini bildirdi. U Rossiya tomonidan yangi gibrid hujumlar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
1-sentabr kuni Rossiyaning Berlindagi elchisi Sergey Nechayev Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Unga Leypsig aeroportidagi dronlar hujumiga Moskva aloqadorligi bo‘yicha Germaniyaning noroziligi bildirildi. Rossiya diplomati bu ayblovlarni rad etdi.
Shu kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Rossiyaga qarshi javob choralari doirasida Rossiyaning Bonndagi bosh konsulxonasi 18-sentabrga qadar yopilishini ma’lum qildi. Shuningdek, Berlindagi “Russkiy dom” faoliyati bo‘yicha kelishuv bekor qilindi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova Moskva Rossiyaga qarshi barcha qarorlarga javob berishini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, Germaniya hukumati “Russkiy dom” faoliyatidan avvaldan norozi bo‘lib kelgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BJ13lG1QxVw" title="Leypsigdagi dron hodisasi Rossiyaga bog‘landi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA