Laziz Qudratov: Prezidentimizning Vashingtonga tarixiy tashrifi O‘zbekiston – AQSH iqtisodiy munosabatlarida yangi sahifa ochdi
Davlatimiz rahbari AQSHga tashrifi doirasida o‘tkazgan uchrashuvlarning ahamiyati xususida mamlakatimiz investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ham o‘z fikrlarini bildirdi.
– Mazkur tashrif haqiqatan juda samarali, tarixiy. Nima uchun? Sababi, yurtimizdagi islohotlar Amerika biznesi uchun ulkan imkoniyatlar ochmoqda va AQSH kompaniyalari bugun kuchli qat’iyat, jiddiy qiziqish bilan O‘zbekistonda aniq loyihalar amalga oshirmoqda.
Men 2010-2014 yillari Vashingtondagi elchixonamizda ishlaganman, iqtisodiyot masalalari bilan shug‘ullanganman. Amerika kompaniyalarining mamlakatimizga nisbatan o‘sha paytdagi munosabati va qiziqishini ularning hozirgi intilishi, O‘zbekistonga sarmoya kiritishga qat’iy tayyorgarligi bilan umuman solishtirib bo‘lmaydi. Bularning bari, albatta, islohotlarimiz natijasi, Prezidentimiz iqtisodiy hamkorlikka, biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratishga shaxsan qaratayotgan e’tibori tufaylidir.
Davlatimiz rahbarining Prezident Donald Trampdan boshlab, hukumat a’zolari, yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralari, tashrif davomida bo‘lib o‘tgan davra suhbati mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarda haqiqatan yangi sahifa ochdi, deyish mumkin. Kelgusi uch yil ichida amalga oshiriladigan loyihalarning umumiy qiymati 34,8 milliard dollarni tashkil etadi. Bu jarayon qishloq xo‘jaligi, konchilik sanoati, strategik muhim minerallarni qayta ishlash sohasidagi aniq loyihalarni ko‘zda tutadi.
Qolaversa, avtomobilsozlik va sanoatning turli yo‘nalishlariga ilg‘or texnologiyalar joriy etish masalasi ham muhim va albatta ishonch bilan aytish mumkinki, bugun biznes uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Demak, endigi vazifamiz kelishuvlar amalda bajarilishini ta’minlashdan iborat.
Qayd etish joiz, davlat rahbarlari darajasida o‘rnatilgan siyosiy aloqalar tufayli ham AQSH, ham O‘zbekiston hukumati uchun aniq yo‘nalishlar belgilab berilmoqda. Har ikki mamlakatning barcha vazirlari aniq va jiddiy ishlashga tayyor. O‘ylaymanki, yaqin oylar ichida biz ilk natijalarni ko‘ramiz – vizasiz rejim, AQSH va Toshkent o‘rtasida muntazam, deyarli har kungi aviaqatnovlarga guvoh bo‘lamiz. Tabiiyki, bularning bar birgalikda juda kuchli sinergetik samara beradi.
O‘.Alimov tayyorladi. O‘zA