Laboratoriyalar xalqaro ISO standartlari asosida faoliyat yuritmoqda
“Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” davlat muassasasi tomonidan jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi “Ekologik monitoring milliy markazi” davlat muassasasining sinov laboratoriyasiga press-tur tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga laboratoriya faoliyati, shuningdek, O‘z DSt ISO/IEC 17025 standarti — “Sinov va kalibrlash laboratoriyalari kompetentligiga umumiy talablar” bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar batafsil tanishtirildi.
– Bugungi kunda ekologik muvozanat masalasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun dolzarb hisoblanadi, – deydi “Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” davlat muassasasi sho‘’ba mudiri Husniddin Qurbonov. – Xususan, Toshkent shahri va bir qator yirik shaharlarda havo ifloslanish darajasi ba’zi holatlarda belgilangan me’yorlardan yuqori ekani kuzatilmoqda. Sanoat tarmoqlarining jadal rivojlanishi, uglerod yoqilg‘ilaridan keng foydalanish, transport vositalari sonining ortishi, tabiiy omillar, ekologik nazorat tizimining yetarli emasligi kabi omillar havo ifloslanishining asosiy sabablaridan. Shu munosabat bilan 2030-yilga qadar atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar hajmini qisqartirish, sanoat ob’ektlarida chiqindilarni ushlab qolish samaradorligini oshirish, transportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish hamda PM 2,5 ko‘rsatkichi bo‘yicha me’yordan oshish kuzatiladigan kunlar sonini qisqartirish asosiy maqsadlar etib belgilangan.
[gallery-28785]
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining joriy yilning 16-fevralida “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlarni ilg‘or xalqaro amaliyot asosida jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, milliy sifat infratuzilmasini yanada rivojlantirish, akkreditatsiya tizimining mustaqil va xalqaro talablarga muvofiq faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida qator tashkiliy o‘zgarishlar amalga oshiriladi.
Bu o‘zgarish akkreditatsiya tizimining institutsional mustaqilligini kuchaytirish va sohada raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan. Shu bilan birga, milliy sifat infratuzilmasida tuzilmaviy optimallashtirish doirasida ayrim tashkilotlar qayta tashkil etilishi belgilangan.
Akkreditatsiya sohasida xalqaro integratsiyani kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston akkreditatsiya markazi faoliyati yanada kengaytiriladi. Xususan, markaz tomonidan APAC MRA doirasida paritet baholash jarayoniga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ushbu baholash natijasida tibbiy laboratoriyalar, inspeksiya organlari, standart namuna ishlab chiqaruvchilar hamda malakani tekshirish provayderlarini xalqaro darajada tan olish imkoniyatlari kengayadi. Qabul qilinayotgan chora-tadbirlar milliy akkreditatsiya tizimining mustaqilligini mustahkamlash, xalqaro e’tirofni oshirish hamda mamlakatda sifat infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Press-tur davomida “Ekologik monitoring milliy markazi” davlat muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Jurnalistlarga oqova suvlar, atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar, chiqindilar hamda tabiiy muhit ob’ektlarining ifloslanish darajasini tahlil qilish jarayonlari namoyish etildi.
Shuningdek, sanoat korxonalari — zavod va fabrikalar, transport vositalari hamda boshqa manbalardan olingan namunalarni laboratoriya sharoitida tekshirish va tahlil qilish tartiblari haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekistonda ekologik monitoring tizimini takomillashtirish va laboratoriyalar faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, atrof-muhit muhofazasini kuchaytirish hamda ilmiy tahlillar sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
Oybek Pardayev (surat)
O‘zA muxbiri