Kuz sayri – xazon sayri
Agar kitobning ushbu voqealar bayoniga diqqat qilsak, xazon sayriga chiqishdan avval, yaʼni dushanba kuni chogʻroqqina bir hujrada suhbat boʻlib oʻtadi.
Mumtoz adabiyotimiz namoyandalari oʻzlarining sheʼriy yoki nasriy asarlarida yilning toʻrt fasli bilan bogʻliq manzaralar, bu fasllar tugʻdirgan kayfiyat va ilhom lahzalariga bagʻishlab goʻzal tasvirlar yaratishgan, benihoya toʻlqinlanib, oʻzlari olgan ilhomni, zavqni, hayratni yashirmay, yuksak badiiy pardalarda tarannum etishgan, hozirgi adabiyotshunoslik tili bilan izohlaganda peyzajning betakror koʻrinishlarini ijod qilishgan. Alisher Navoiyning “Munshoat” asarida jamlangan 107 ta maktubdan toʻrttasi toʻrt faslga atab yozilgan va uchinchisini u aynan kuz fasliga bagʻishlagan. Ulugʻ shoir mazkur maktubida kuzni vasf qilib bir ruboiy, uchta masnaviy bitgan. Oltin kuzni nazmda:
Ne xazonida barg ayshini soch,
Yuz uza zaʼfaron doʻkonin och,
desa, nasrda “Mundoq faslki, hech fasl nishotgʻa mundin loyiqroq emas va mundoq vaqtki, hech vaqt ayshqa mundin muvofiqroq kishi nishon bermas”, deb navoiyona taʼriflaydi.
Daho soʻz ustasi Boburning “Boburnoma” asarini mutolaa qilar ekanmiz, mazkur toʻrt fasl haqidagi haqqoniy, taʼsirli manzaralarga guvoh boʻlamiz, ayniqsa, “Boburnoma”da bitgan xazon sayri – kuz sayri haqidagi manzara va voqealar bayoni gʻoyat qiziqarli. Tabiatning oshigʻi boʻlgan Bobur “Boburnoma”da kuz fasli haqidagi sayrni – xazon sayri nomi, birikmasi ostida shu faslga xos ayrim noyob manzaralarni mahorat bilan tasvirlagan. Qizigʻi shundaki, manzarani adabiyotshunos olim Yo.Isʼhoqovning uslub haqidagi nazariy fikrlari bilan baholasak, turkona hamda klassik uslubni qoʻshgan holda, yaʼni boburona uslubda tasvirlagan ham, taʼbiga loyiq ulfatlari bilan ushbu xazon sayriga chiqishni uyushtirgan ham, sarfu xarajat qilgan ham, taʼsirlangan ham, tasvirlagan ham shoh va shoir Boburning oʻzidir. Shu bois, xazon sayri voqealari va manzaralari bayoni asarda chuqur samimiyat bilan bitilganki, ularni asardagi eng tabiiy voqea, manzara va peyzaj tasvirlaridan biri deyilsa, aslo xato boʻlmaydi. Masalan, u Istargʻachdagi bogʻni kezar ekan, bir olma daraxti bilan bogʻliq xazonga koʻzi tushadi va koʻzlari quvnab, “...bir olma niholi yaxshi xazon boʻlub edi, har qaysi shoxida besh-olti barg siyoh bila qolib edi, andoqkim agar naqqoshlar takalluf bila tortsalar, oncha torta olmagʻay edilar”, deb lutf qiladi. Eʼtiborli jihati, ushbu manzaraga Bobur yuksak sanʼatkorona nigoh bilan boqadi va shu lahzadayoq qiyos uchun musavvir ishini ham eslab, Olloh yaratgan bunday hayratomuz tabiiy manzarani eng mohir musavvir ham chizishi amrimahol ekaniga nozik ishora qilish bilan birga, kitobxonga qarata gohida hayotdan, tabiatdan, kuzdan zavqlanish kerakligini ham eslatgan va yon-atrofni kuzatishni oʻrgatgandek boʻladi.
“Boburnoma”ning 1518–1519-yil voqealari bayonida Boburning atrofi xushmanzara, bahavo, sharqirab oqqan soylar va mevazor bogʻlari bilan mashhur, bugungi til bilan aytilsa, ekoturizmga boy Istalif, Behzodiy, Istargʻach (Kobul viloyatidagi kentlar)ga chiqqan xazon sayri – kuz sayri haqidagi hayotiy voqeani oʻqiymiz. Maʼlum boʻlishicha, Bobur bir muddat kishilardan ajralib, davlat ishlaridan chekinib, xazon sayriga otlanadi. Fikrimizcha, boshqa hukmdorlar ham kuz sayriga chiqqandir, ammo xazon sayridan olgan oʻz taassurotlarini sheʼrda yoki nasrda bayon qilishga soʻzi, qalami ojizlik qilgan boʻlsa ne ajab! Boburning yozishicha, xazon sayri dushanbadan shanbagacha, yaʼni dastlab Kobul viloyati atrofidagi Istalif, Behzodiy kentlarida, keyin Istargʻachda boʻlib oʻtgan.
Agar kitobning ushbu voqealar bayoniga diqqat qilsak, xazon sayriga chiqishdan avval, yaʼni dushanba kuni chogʻroqqina bir hujrada suhbat boʻlib oʻtadi. Suhbatda Boburning yaqinlaridan oʻn olti kishi qatnashadi. Boburning xazon sayriga chiqish rejasi avvaldan boʻlsa-da, ushbu majlisda u bir qarorga keladi va ertasi kuniyoq xazon sayriga otlanadi: “Dushanba kuni xazon sayriga Istalifgʻa borildi. Bu kecha yomgʻur bisyor yogʻdi. Mening bila kelgan beklar va ichkilar aksar mening chodirimgʻakim, Bogʻi Kalonning ichida tikilib edi, kirdilar. Tonglasi ushbu bogʻda chogʻir majlisi boʻldi... namozi peshin Istalifdin otlanib... Namozi digar boʻla Behzodiygʻa kelduk. Xazonlar asru koʻb boʻlub edi. Hazon sayri asnosida chogʻirgʻa moyil hariflar chogʻir angizi qila boshladilar... Chun xazonlar asru xoʻb boʻlub edi, xazon boʻlgʻon daraxtlarning tubida oʻlturub, chogʻir ichildi”.
Hayot va tabiat goʻzalliklarining tajassumi sifatida gavdalangan bu singari tasvirlar, bir tomondan, “Boburnoma”ning chuqur hayotiy mazmunidan, undagi oʻta haqqoniy tasvirdan xabar bersa, ikkinchi tomondan, inson oʻn sakkiz ming olam bilan mustahkam bogʻliq ekanini koʻrsatib, eslatib turadi. Asarda ifodalangan manzara va holat “Boburnoma”ning eng yaxshi, sara tasvirlari jumlasidan boʻlib, mazkur tasvirlar qaysidir maʼnoda Bobur shaxsini ochishga ham xizmat qiladi.
Odam yigʻilgan davrada baland-past gap-soʻzlar boʻlishi tabiiy hol boʻlganidek, xazon boʻlgan daraxt ostida kechgan gurungda shunday past-baland gap boʻlib oʻtadi. Yaʼni xazon sayriga kelganlardan biri Abdulla Kitobdor mast holda Mulla Mahmud Xalifaga nooʻrin gap aytadi. Til balosidan andisha va iztirobga tushgan Abdulla Kitobdor oʻzining nooʻrin gapi uchun undan uzr soʻraydi. Bobur Chorboqqa qaytadi: “Namozi xuftangʻacha oʻshul yerda-oʻq suhbat edi. Mullo Mahmud Xalifa (Boburning fiqxdan dars olgan ustozi – B.R.) keldi. Ani ham suhbatgʻa chorladuk. Abdullo xeyli mast edi. Xalifa tarafidin bir soʻz chiqti. Mullo Mahmudtin gʻofil bu misraʼni oʻqudikim:
Bar har ki bingari, ba hamin dogʻ mubtalost.
(Tarjimasi: Kimga qarasang, shu dardga mubtalodir).
Mullo Mahmud hushyor edi. Abdullogʻa hazl tariqi bila bu misraʼni oʻqugʻon jihatidin taarruzlar qildi. Abdullo voqif boʻlub, iztiroblar qilib, xeyli shirin guftgoʻlar qildi”. Agar xazon boʻlgan daraxt ostida boʻlgan voqea bayoniga diqqat qilsak, Abdulla kitobdor, Mulla Mahmud Xalifa oʻrtasida kechgan voqea, gap-soʻzlar tasvirida muallifning xazon sayri haqidagi tasvir, taassurotlari goʻyo ikkinchi darajaga tushib, Abdulla kitobdor va Mulla Mahmud Xalifa munosabatini kuzatish goʻyo old oʻringa chiqqandek tuyuladi, chunki bu lavhada adib sifatida atrofidagi odamlar bilan bogʻliq mayda detallarni kuzatishdan sira charchamagan Bobur shaxsi yana bir karra ochiladi. Xazon sayri boʻlgani uchunmi, u ikki mulozimining munosabatiga ochiq fikr bildirmaydi, yaʼni birini oqlab, boshqasini qoralamaydi. Ammo bilamizki, kitobda bu kabi holatlarni, munosabatlarni yozganda muallif oʻz munosabatini ochiq aytib oʻtgan oʻrinlar ham talaygina.
Bobur yana xazon sayriga chiqadi. Hammasi reja asosida. Oʻzi bilan yuz shohruxiyni oladi. Sababi, u toʻxtamoqchi boʻlgan xonadon egasi Turdibek kambagʻal yashaydi, uni tashvishga yoki xijolatga qoʻymoqchi emas. Mazkur lavhada ham shoh va shoir Boburning mardona, shohona shaxsi ochiladi va birinchidan, yodimizga memuarning boshqa voqealar bayonida mulk egalari yoki vorislarini rozi qilib, haqini toʻlab sotib oldim deb bitilgan izoh, xabarlar kelsa, ikkinchidan, bandaning haqqini bilish, rozi qilish, peshona teri qurimasdan ish haqini toʻlash ham odamlarni qadrlashning, sevishning, yaxshilik qilishning eng goʻzal, yuksak namunasi ekanini uqtiradi. Chunonchi: “Panjshanba kuni xazonlar sayri qilib, kech namozi shom Chorbogʻqa kelib tushtum. Shanba kuni, oyning oʻn sakkizida Chorbogʻdin tun yarimida otlandim, tunqator va axtachini yondurdum. Mullo Boboning koʻprugidin oʻtub, Devarin tangisi bila chiqib, Qush Nodir va bozorlarning korizi bila Xirsxona orqasidin evrulub, erta sunnat vaqtida Turdibek Xoksorning korizigʻa keldim. Turdibek xabar topib, iztirob bila yugurub chiqti. Turdibekning qalloshligʻi maʼlum edi. Oʻzum bila yuz shohruxiy olib borib edim. Turdibekka berdim, dedimkim, chogʻir va asbob tayyor qilgʻilkim, xilvat va lavandona (boʻsh: yalqov, dangasa; bekorchi) suhbat tutar xayolim bor. Turdibek chogʻir uchun Behzodiy (Kobul viloyatidagi kent, otda bir kunlik yoʻl) sari bordi. Otimni Turdibekning qoʻlidin bir qoʻlga yibordim. Oʻzum korizaning orqasida bir pushtada (tepa, balandlik) oʻlturdum. Bir pos (soqchi, qorovul) bor edi kim, Turdibek bir koʻza chogʻir kelturdi. Ikkovdin-ikkov ichmakka mashgʻul boʻlduk. Turdibek chogʻirni keltururda Muhammad Qosim barlos va Shahzoda voqif boʻlubturlar. Mendin xoli endi Turdibek soʻngicha yayoq keldilar, suhbatgʻa chorladuk... Xayolimda bu edikim, elni gʻofil qilib, yolgʻuz otlanib, Istargʻachgʻa borgʻayman. El voqif edi, muassar boʻlmadi.
Oxir naqora vaqtida otlandim. Turdibek bila Shohzodagʻa xabar qilib, uchovlon otlanib, Istargʻach sari mutavajjih boʻlduk. Farz vaqtida Istalifning oyogʻi Xoja Hasangʻa yettuk. Bir zamon tushub… xazon sayri qilduk. Oftob chiqa Istalif bogʻigʻa tushub, uzum yeb, otlanib, Istargʻach tavobindin Xoja Shihobgʻa tushub uyquladuk. Ota Miroxoʻrning uyi ul orada ekandur. Uygʻongʻuncha osh pishirub, bir koʻza chogʻir hozir qilibtur. Xeyli yaxshi xazon edi. Bir necha piyola ichib, otlanduk. Namozi peshin Istargʻachda bir yaxshi xazonlik bogʻda tushub, suhbat tutuldi. Bir lahzadin soʻng Xoja Muhammad Amin keldi. Ul kuni va oqshomi Kobuldin Abdullo, Asas, Nurbek, Yusuf Ali keldilar. Sabohi osh yeb otlanib, Istargʻachning oyogʻidagi podshohiy bogʻini sayr qilildi... Istargʻachdin otlanib, Xoja Hasanda osh yeb, namozi shom Behzodiy kelib, ...Tonglasi, seshanba kuni Kobul chorbogʻigʻa kelildi”.
Koʻplab taniqli ijodkorlar ijodini kuzatganimizda, donishmand kuz fasli haqidagi sheʼrlar talay ekanini koʻramiz, ammo biz kuzatgan ijodkorlar ijodida xazon sayri – kuz sayri haqidagi tasvirga deyarli koʻzimiz tushmadi. Demak, Bobur yaratgan xazon sayri tasviri yagona va betakror poetik tasvir sifatida tahsinga loyiq hamda mazkur xazon sayri tasvirini alohida yangi mavzu deyish ham mumkin.
adabiyotshunos olima