Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik qizg‘in
Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, 60 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladigan Andijon shahridagi 1-sektor hududiga kiruvchi ko‘p qavatli uylar joylashgan kichik dahalarda ham bu borada zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimligi tashabbusi bilan Andijon shahridagi O‘rikzor mahallasida kommunal soha vakillari, mavsumiy rejalarga daxldor tashkilot va korxonalar rahbarlari, mutasaddi va mutaxassislari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Unda qish mavsumida aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish, ko‘p qavatli uy-joylar, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumiga to‘liq tayyorlash ishlarining sifatli amalga oshirilishi muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda belgilangan ishlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi, aniq chora-tadbirlar belgilanib, amaliy ishlarga kirishildi. Mutasaddi tashkilotlarga, mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi.
Jumladan, Andijon shahrining 1-, 2-, 3-, 4- va 5- kichik dahalaridagi ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, mavjud nosozliklarni, aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganish, bartaraf etish bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
– Har bir xonadon, har bir uy e’tibordan chetda qolmasligi kerak, – deydi Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Botirjon Ashurov. – Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi ta’minotidagi muammolarni o‘rganish bilan birga, aholining favqulodda vaziyatlarga tayyor bo‘lishi, ayniqsa, yong‘inlar kelib chiqishining oldini olish bo‘yicha zarur barcha ishlar olib boriladi. Xodimlarimiz ko‘p qavatli uylarga, ijtimoiy soha ob’ektlariga biriktirildi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha sektor shtabi tuzilib, amalga oshirilgan ishlar, o‘rganishlar muvofiqlashtirib boriladigan bo‘ldi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, Andijon shahrida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari belgilangan reja asosida olib boriladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa fuqarolarga kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishlariga ko‘mak berishdir.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari