Kutubxona fondi yildan yilga boyimoqda
Buxoro viloyati Bolalar kutubxonasining umumiy kitob fondi –100 ming 337 nusxani tashkil etadi. Bosma fond 92 ming 737 nusxa, elektron ko‘rinishdagi resurslar 7 ming 600 nusxadan iborat. Kitobxonlar soni esa 4 ming 715 nafarni, elektron resurslardan foydalanuvchilar soni 5 ming 190 nafarni tashkil etmoqda.
Oxirgi besh yilda kutubxona fondi 15 mingdan ortiq lotin yozuvidagi adabiyotlar bilan boyitildi.

– Oxirgi besh yillikda kutubxona fondi 15 mingdan ortiq yangi lotin yozuvidagi adabiyotlar bilan to‘ldirildi, – deydi Buxoro viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi Darsliklar va adabiyotlar sho‘basi mudiri Madamin Aslonov. – Birgina joriy yilda kutubxona fondi byudjet mablag‘lari hisobidan 1 ming 306 nusxa badiiy, ilmiy-ommabop, siyosiy va universal mazmundagi adabiyotlar bilan boyitildi. Shuningdek, 20 nomda davriy nashrlarga obuna ishlari tashkil etilgan bo‘lib, o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun axborot-bibliografik ma’lumotlar shakllantirilgan.

Kutubxonada tashkil etilgan to‘garaklarga yozgi ta’tilda 500 dan ortiq kitobxon o‘quvchilar jalb etilgan. Kitobxonlarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida kutubxona internet tarmog‘iga ulangan. Yosh kitobxonlar uchun ertak kitoblar asosida multfilm multimedia xizmati yo‘lga qo‘yilgan. "Kompyuter savodxonligi", "Ingiz tilini o‘rganamiz" to‘garaklari bolalar ixtiyorida.
Ta’til davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida viloyat Bolalar kutubxonasi tomonidan turli tadbirlar tashkil etildi. Kitobxonlar bilan hamkorlikda “Bolalar shoirlari – bolalarga”, "Kitob tafakkur manbai", "Har bir kitob bir oftob", “Ertaklar yaxshilikka yetaklar”, "Ertakka boshqacha yakun o‘ylab top", “Mening sevimli kitobim”, “Mening sevimli ertak qahramonim”, “Kitoblar bilimdoni”, “Kitob qalb gavhari ko‘ngil ziynati”, “She’riyat gulshaniga sayohat” mavzusida kitob ko‘rgazmasi, davra suhbati, ovozli o‘qish, kitob taqdimoti va kitobxonlik tanlovlari o‘tkazildi. Bundan tashqari, kutubxona tomonidan “Neftchi”, “Yosh quruvchi” shahar orti oromgohlariga 1000 dan ortiq bolalar adabiyoti yetkazib berildi. Turli mavzularda tadbirlar tashkil etildi.

Ko‘chma kutubxonalar kitobxonlar sonini oshirishga xizmat qilmoqda. Viloyat Bolalar kutubxonasi tomonidan joriy yilda tarbiyasi og‘ir bolalar, aholi va o‘quvchi-kitobxonlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida viloyat IIB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi, 8-,10-,12-MFY, 6-,9-,10-,11-,14-,29 –maktablarga ko‘chma kutubxona tashkil etilgan va ularga doimiy axborot xizmati ko‘rsatilmoqda. Aholi va bolalar uchun tavsiya etilgan badiiy kitoblar, tashkil etilgan ovozli o‘qish va kitoblar taqdimoti bolalarni kitob mutolaasiga jalb qilishda yaxshi samara bermoqda.

Kutubxona ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘z o‘quvchilariga ega. Pandemiya sharoitidan kelib chiqib kutubxonaga ko‘prok kitobxonlarni jalb qilish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda kutubxona tomonidan 8 ta kanal va guruhlar faoliyat olib bormoqda. Undan foydalanuvchilar soni 5 ming 190 nafarni tashkil etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda elektron va audio kitoblar xizmati, onlayn besh tashabbus tanlovlari o‘tkazilmoqda. Kutubxonada kitobxonlar soni, kitoblardan keng foydalanish samaradorligini hisobga olib, QR-kodlar yordamida eng ommabop o‘qiladigan kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylandi. Hozirgi kunga qadar QR-kodlar yordamida yaratilgan 200 dan ortiq kitoblar aholi gavjum joylar, bekatlarga osib qo‘yib, targ‘ibot ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, kutubxonada kitobxonlar safini kengaytirish, ularni kitob mutolaasiga qiziqtirish maqsadida kitobxonlik haftaligi tadbirlari, faol kitobxonlardan tashkil etilgan “Yosh kitobxonlar” to‘garagi doimiy faoliyat ko‘rsatmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA