Kursantlar dala o‘quv mashg‘ulotlarida tajriba orttirmoqda
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi kursantlari uchun Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan dala o‘quv yig‘ini maydonida o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar davom etmoqda.
Yig‘in jarayonida kursantlarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash, jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish bilan bir qatorda, bo‘sh vaqtini mazmunli va samarali tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, 1-batalon kursantlari bilan batalon komandiri, psixologlar, vzvod va guruh komandirlari ishtirokida turli psixologik o‘yinlar hamda jamoaviy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Mazkur mashg‘ulotlar orqali kursantlarning o‘zaro hamjihatligi, jamoada ishlash ko‘nikmalari, tezkor fikrlashi va psixologik barqarorligini mustahkamlashga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, kursantlar o‘rtasida shaxmat va shashka, turnikda tortilish, futbol hamda estafeta yugurishi kabi sport musobaqalari o‘tkazildi.
Shu bilan birga, kursantlarning jangovar va jismoniy tayyorgarligini takomillashtirishga qaratilgan mashg‘ulotlar ham amaliy tarzda olib borilmoqda. Kitobxonlikka qiziqishi yuqori bo‘lgan kursantlar uchun esa bo‘sh vaqtni kitob mutolaasi bilan mazmunli o‘tkazish imkoniyatlari yaratildi.

Ta’kidlash joizki, dala o‘quv yig‘ini nafaqat kasbiy va jismoniy tayyorgarlikni oshirish, balki kursantlarda intizom, mas’uliyat, jamoaviy hamkorlik, ruhiy barqarorlik va vatanparvarlik kabi muhim fazilatlarni shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi o‘quv-amaliy, sport-sog‘lomlashtirish va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar belgilangan reja asosida davom ettirilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA