Kurash – O‘zbekistonning dunyo yoshlariga tuhfasi
Bugun, 6 sentyabr milliy sportimiz – kurashning xalqaro sport maydoniga chiqqan kuni. Ushbu sana bir necha yillar norasmiy bayram sifatida nishonlanib kelingan bo‘lsa, 2017 yilga kelib “6 sentyabr – kurash milliy sport turi kuni” sifatida nishonlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni imzolandi.
Xalqimizning milliy o‘yinlari qatorida e’zozlab kelingan kurash taxminan 3500 yillik tarixga ega. Qadimda an’anaviy marosim va bayramlarda milliy o‘yin shaklida mavjud bo‘lgan kurashni O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi tufayli sport turi sifatida rivojlantirish va uni xalqaro maydonda ommalashtirish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Dzyudo va sambo bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, xalqaro turnirlar g‘olibi Komil Yusupov kurashning zamonaviy sport qonun-qoidalarini ishlab chiqdi. Uning libosi, vazn toifalari, musobaqalarni tashkil etish tizimi yaratildi. 1991-1998 yillar mobaynida Osiyo, Yevropa, Amerika, Afrika qit’alarining qator davlatlarida kurashni xalqaro sportga aylantirish maqsadida uning qonun-qoidalari targ‘ib qilindi va bu harakatlar jahon sport jamoatchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
1998 yil 6 sentyabr kuni Toshkentda dunyoning 28 davlati vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ta’sis kongressida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA)ga asos solindi. Assotsiatsiya Nizomi va kurashning qonun-qoidasi tasdiqlandi, boshqaruv organi saylandi. O‘tgan davrda jahonning 135 ga yaqin mamlakatida kurash federatsiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shu o‘rinda aytish joizki, har qanday sport turining rivojlanishida kongress va ijroqo‘m yig‘ilishlari, jahon va qit’a chempionatlarining ahamiyati beqiyos. Ayni kungacha turli davlatlarda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi(IKA)ning kongressi va har yili kamida ikki marta ijroqo‘m yig‘ilishi o‘tkazilgan va ularda o‘zbek kurashini ommalashtirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilingan.
1999 yildan shu kungacha kurash bo‘yicha O‘zbekiston, Turkiya, Vengriya, Armaniston, Mongoliya, Ukraina va Eron davlatlarida kattalar o‘rtasida o‘n martadan ziyod jahon chempionati o‘tkazilgan. 2000 – 2018 yillar mobaynida Rossiya, O‘zbekiston, Dominikan Respublikasi, Eron, Hindiston va Turkiya mamlakatlarida bir necha bor yoshlar o‘rtasida, faxriylar o‘rtasida jahon chempionatlari bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Pan Amerika, Osiyo, Yevropa, Afrika va Okeaniya qit’aviy chempionatlari o‘tkazib kelinmoqda. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Turkiya, Eron, Ukraina, Rossiya, Fransiya, Mozambik, Janubiy Afrika Respublikasi, Afg‘oniston, Boliviya kabi dunyoning bir nechta mamlakatlarida 300 dan ziyod turli darajadagi xalqaro turnirlar tashkil etildiki, bu dunyoda Vatanimizning ulug‘lanishiga, milliy qadriyatlarimizning qadrlanishiga xizmat qilmoqda. Eng asosiysi, kurash orqali xalqlar o‘rtasida do‘stlik, birdamlik, tinchlik g‘oyalari targ‘ib qilinmoqda. G‘oliblikka erishish har bir sportchining qalbidagi ulug‘ orzusi. Lekin bunday baxtga barcha ham erisha olmaydi. Kimningdir omadi chopmaydi, kimlardir adolatsizlik qurboni bo‘ladi. Kurashning xalqaro sport maydoniga chiqishi millionlab yoshlarning orzulari ruyobiga turtki bo‘ldi.
Yana bir e’tiborli tomoni, mustaqillikning ilk yillaridan yurtimizda kurash bo‘yicha Amir Temur, Al Xakim at-Termiziy, Bahovuddin Naqshband, Zahiriddin Muhammad Bobur, Pahlavon Mahmud, Farg‘oniy kabi ulug‘ ajdodlarimiz xotira turnirlari tashkil etildi va etilmoqda. Bu turnirlarda qatnashish uchun turli mamlakatlardan yuzlab sportchilar yurtimizga kelib, O‘zbekistonning sport salohiyati-yu xalqimizning bunyodkorlik sohasida olib borayotgan betakror mujdalari bilan tanishdi. Milliy sportimizga mehr qo‘ydi, sovrinli bo‘ldi.
Agar raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, 1992 yildan beri har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan Amir Temur xalqaro turnirida 150 ga yaqin mamlakatdan 1000 nafarga yaqin sportchi qatnashib, 100 nafardan ziyodi turli darajadagi sovrinli o‘rinlarni egallaganligi 100 ga yaqin mamlakatning shuncha oilasi bugun ham O‘zbekistonni mehr bilan eslaydi, degani. Agar boshqa shu kabi musobaqalarga ham ushbu taqqoslash ko‘rinishida yondashilsa, uning ko‘lami nechog‘lik kengligini tasavvur qilish qiyin emas.
O‘z sport turini Olimpiada o‘yinlarida ko‘rishni istamagan xalq, mamlakat dunyoda bo‘lmasa kerak. Xitoyliklar u-shuni, tailandliklar muay-tayni, yaponlar karateni, rossiyaliklar samboni jahon sporti cho‘qqisida bo‘lishini orzu qilganidek, kurashni yozgi Olimpiya o‘yinlariga kiritish xalqimizning buyuk orzusi.
2005 yil may oyida Shveysariyaning Lozanna shahrida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi rahbariyati o‘zbek sportini jahonda ommalashtirish, uni olimpiya o‘yinlari doirasiga ko‘tarish masalasida XOQ mutasaddilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvdagi kelishuvga binoan 2005-2006 yillari Lozanna shahridagi “Olimpiya” muzeyida milliy sportimizning tarixi, Vatani, rivojlanish tizimiga bag‘ishlangan 1 yillik kurash ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Kichik olimpiada o‘yinlari nomini olgan Osiyo o‘yinlari sahnasiga kurash 2002 yili ko‘tarildi. Shu yili Pusanda o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarida ko‘rgazmali chiqish amalga oshirilgan bo‘lsa, 2003 yil OOK Nizomining 59-bandiga o‘zgartirish kiritilib, kurash Osiyo sporti, deya tan olindi. 2006 yilning dekabr oyida Qatarning Doha shahridagi 15-yozgi Osiyo o‘yinlarida, 2007 yil noyabrda Makao yopiq inshootlaridagi 2-Osiyo o‘yinlarida, 2009 yil Vetnamning Xanoy shahrida bo‘lib o‘tgan yopiq inshootlardagi 3-Osiyo o‘yinlari va Tailandda yakkakurashlar bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida kurash musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Xabaringiz bor, yopiq sport inshootlarda hamda jangovor san’at turlari bo‘yicha qit’a o‘yinlari alohida-alohida o‘tkazilib kelinar edi. Osiyo olimpiya kengashining qaroriga ko‘ra, ular umumlashtirilib, 40 ga yaqin sport turlari orasidan 9 tasi ovoz berish yo‘li bilan yopiq inshootlardagi o‘yinlarga kiritildi. Quvonarli tomoni, Yaponiya poytaxti Tokio shahrida o‘tkazilgan Osiyo olimpiya kengashining XXX yubiley Bosh assambleyasida milliy sportimiz kurash 2013 yil Janubiy Koreyaning Incheon shahridagi yopiq sport inshootlarida va jangovor san’at turlari bo‘yicha IV Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘rin egallaganligi e’lon qilindi.
Yuksak g‘alabalarga tinimsiz mehnat, izlanishgina ko‘zlangan marrani egallashga olib keladi. Shu ma’noda, milliy sportimizning xalqaro maydondagi rivojini ta’minlash orqali jonajon Vatanimizni, qadriyatlarimizni ulug‘lash borasidagi sa’y-harakatlar ko‘lami yildan-yilga keng quloch yoymoqda. Prezidentimizning 2017 yil 2 oktyabrdagi “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilanganidek, asrlar davomida mardlik, bag‘rikenglik, olijanoblik va xalollikning timsoli sifatida e’zozlanib kelingan milliy sportimizni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimizning bevosita qo‘llab-quvvatlashi natijasida «Kurash», «xalol», «ta’zim», «to‘xta», «yonbosh» kabi sof o‘zbekona so‘zlar xalqaro sport terminlari lug‘atidan o‘rin egalladi.
2017 yil 20 sentyabrda Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida Kurash XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritildi. Aynan Ashxobod shahrida yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz polvonlari 8 ta medalni qo‘lga kiritdi(7 ta oltin va 1 ta bronza). 2018 yil Indoneziyada o‘tkazilgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida esa yurtimiz sportchilari 12 ta medal (6 ta oltin, 2 ta kumush, 4 ta bronza)ga sazovor bo‘lib, Vatanimiz shonu shuhratiga munosib hissa qo‘shdi.
Milliy g‘ururimiz bo‘lgan kurash boks, shaxmat, tennis, dzyudo, karate kabi sport turlari qatorida jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. O‘nlab mamlakatlarda kurash turnirlariga asos solindi. Ushbu musobaqalarda ishtirok etayotgan dunyo yoshlari sog‘lom turmush tarziga oshno bo‘layotganligining o‘zigina O‘zbekiston jahon hamjamiyatiga nodir bir xazina tuhfa etganligidan dalolatdir. Ming-minglab tili, e’tiqodi boshqa-boshqa bo‘lgan yoshlar O‘zbekiston bayrog‘idan jilo olgan sport libosida mamlakat, qit’a, jahon chempionligiga erishayotganligi buning yorqin timsolidir. O‘zbekiston sportchilarining kurash musobaqalarida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilayotganligi va albatta, milliy sportimizda tarbiyalanib, Olimpiya sport turlarida muvaffaqiyatga erishayotganligi, Vatanimiz dovrug‘ini dunyoga tarannum etayotganligi esa yana bir katta mavzudir.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA