Kunlarning isishi Navro‘z haroratini yanada oshiradi (+video)
Quyosh yer-ko‘kka taftini ulashib, bag‘rini ochganda olam yashillikka burkanadi. Qushlar navosi ham shunday pallada o‘zgacha jaranglaydi. Demak, keldi bahor, keldi – Navro‘z. Bu yangi kun, yangi mavsumning boshlanishi. Ko‘klamning iffori qalblarga ko‘chganda esa insonning ruhi tanadan otilib chiqqudek, jo‘shib ketadi. Bu bayramning asosiy qahramonlari ham, boshqaruvchilari ham bor. Albatta ular O‘zbekiston kelajagi, navqiron avlodi – yoshlardir.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari Navro‘zni intizor kutadilar. Rang-barang milliy liboslarga burkangan muassasa hovlisiga chiqishingiz bilanoq yuqori haroratni his qilasiz. Bu harorat yoshlik, navqironlik, milliy urf-odatlarimiz, qadimiy udumlarimizdan kuch olib, turfa ranglarda jilolanadi.
- Talabalar bahori” festvali bu har yili bahorning boshlanishi, yangilanish va talabalar ijodlari, she’rlar tanlovi, milliy liboslari, allalar, qadriyatlarimiz bo‘lgan laparlar aytilishi bo‘yicha tanlovlar va undan tashqari o‘zbekning milliy taomi palovlarning turli viloyatlar kesimida tayyorlanishi namoyish etiladi, - deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Gulnoza Jo‘rayeva. – Har bir viloyat o‘z taomlarining tayyorlanishi va tarixi haqida keng ma’lumot beradi. Bu talabalarimizga judayam qiziq.
Bahorning go‘zal musobaqalari arqon tortishlar, tosh ko‘tarib kuch sinashlar, o‘lan-laparlar aytishlar, xilma-xil o‘yinlar, raqs va milliy taomlarimiz namoyishlari - albatta bularning barchasi insonlar kayfiyatini ko‘taradi. Nomoddiy me’rosimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, ularni keyingi avlodlarga bus-butunligicha qoldirish mas’uliyatini yanada oshiradi. Yana bir jihat borki u ham bo‘lsa milliy qadriyatlar, noyob an’analarimiz beshigi bo‘lmish Navro‘z - tinchlik elchisi, farvonlik belgisi, xalqlarni birlashtiruvchi kuchdir.
Universitet hovlisidan boshlangan Navro‘z tantanalari “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalariga ulanib ketdi. O‘n kundan ortiq davom etadigan bellashuvlar yoshlar orasidan eng kuchlilarini aniqlab beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/X3HQLq475Do" title="Kunlarning isishi Naro‘z haroratini yanada oshiradi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA