Kun xabarlari qisqa satrlarda
Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida 200 oʻrinli “Erkatoy” maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida 200 oʻrinli “Erkatoy” maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tuman sektor rahbarlari, maktabgacha taʼlim sohasi masʼullari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
“Madaniyat” mahalla fuqarolar yigʻinida qariyb 3 milliard 700 million soʻm mablagʻ evaziga barpo etilgan muassasada bolajonlarning puxta taʼlim-tarbiya olishi uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Jumladan, 40 nafar tarbiyachi-pedagog va boshqa xotin-qizlar bandligi taʼminlangan bogʻcha zamonaviy oʻquv qurollari, multimedia vositalari hamda oʻyinchoqlar bilan taʼminlangan.
***
Parkent tumanida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida sport musobaqasi oʻtkazildi.
Tuman hokimligi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan musobaqada 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan 250 nafardan ziyod sportchilar belbogʻli kurash, stol tennisi hamda shaxmat-shashka turi boʻyicha oʻzaro kuch sinashdi.
Gʻolib va sovrindorlar maxsus diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
***
Ohangaron tumani sektor rahbarlari tuman yoshlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda dastlab, birinchi sektor rahbari, tuman hokimi A.Turdiboyev mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining mohiyati, Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan asosiy vazifalar mazmun-mohiyati xususida soʻz yuritdi.
Tumanning umidli yoshlari bilan boʻlib oʻtgan dildan muloqotda shuningdek, tuman prokurori I.Qambarov va ichki ishlar boʻlimi boshligʻi A.Aliasqarov yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, bu borada ularni turli toʻgaraklarga jalb etish, ilm olish yoʻlida tinmay izlanish lozimligi xususida atroflicha fikr yuritdi.
Sektor rahbarlarining oʻquvchi-yoshlar bilan muloqotida yoshlar tomonidan koʻplab taklif va tashabbus hamda muammoli murojaatlar bildirildi. Murojaatlarning aksariyati qishloq joylarda sport inshooti qurish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash arafasidagi yoshlarga imtiyozli kreditlar va yer ajratish, shuningdek, kam taʼminlangan oila farzandlariga koʻmak berish masalalari xususida boʻldi.
Yoshlar tomonidan koʻtarilgan masalalarni ijobiy hal etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga koʻrsatma berildi.
***
Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumanida “Men namunali oila farzandiman” koʻrik-tanlov boʻlib oʻtdi.
Viloyat kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasi, xotin-qizlar qoʻmitasi hamkorligida “Yosh oila quruvchilar maktabi” ni targʻib etish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilalar mustahkamligini taʼminlash, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish maqsadida oʻtkazilayotgan mazkur tanlov kollej oʻquvchilarining oila, oilaning muqaddasligi, oila qadriyatlarini ulugʻlash borasidagi bilim va tushunchalarini yanada mustahkamlamoqda.
Tanlovda tumandagi kollejlarda tahsil olayotgan oʻquvchilar ishtirok etib, belgilangan shartlar asosida oʻzlarining bilim va koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazdi.
Yakuniy natijalarga koʻra, Qoʻrgʻontepa qurilish kolleji oʻquvchisi Jasurbek Yoʻldoshev birinchi oʻringa sazovor boʻldi.
***
Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi 17-sonli umumtaʼlim maktabida “Hokim va yoshlar” devoriy gazetasining ilk soni tayyorlandi.
Maktabning bir guruh faol yoshlari tomonidan tayyorlangan mazkur devoriy gazetaning tayyorlanish jarayonida tuman hokimi Oʻktam Masharipov ishtirok qilib, devoriy gazeta ruknlari va lavhalari boʻyicha maslahatlar berdi. Shuningdek, hokim gazetaning “Kitoblar komillikka yetaklar” rukni ostida oʻquvchilar oʻzi tavsiya qilgan 10 ta kitob roʻyxatini yozib qoldirdi.
“Hokim va yoshlar” devoriy gazetasi endilikda tumandagi barcha maktablarda tatbiq qilinadi.