Kulolchilik an’analari davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi To‘raobod mahallasida kulolchilik avloddan-avlodga o‘tib, oilaviy an’ana sifatida davom etmoqda. Xususan, shu mahallada yashovchi Zamira Robilova 20 yildan buyon kulolchilik bilan shug‘ullanib, milliy hunarmandchilikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Zamira Robilova kulolchilik sir-asrorlarini qaynonasi Ominaxon Robilovadan o‘rgangan. Ayni paytda turmush o‘rtog‘i A’zamjon Robilov va farzandlari bilan birga oilaviy ustaxona faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
[gallery-30757]
Ustaxonada kasanachilik asosida mahalladagi 50 nafarga yaqin xotin-qiz ish bilan ta’minlangan. Bu yerda 100 turdan ortiq kulolchilik buyumlari tayyorlanib, Xiva va Buxoro shaharlari, shuningdek, yurtimizning turli hududlariga yetkazib berilmoqda.
Xonadonda tashkil etilgan mo‘’jaz muzey ham tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Unda oilaga tegishli noyob kulolchilik namunalari, respublika va xalqaro tanlovlarda qo‘lga kiritilgan diplom, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari jamlangan.
– Viloyat hokimligi ko‘magida xonadonni mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun etnoturizm maskaniga aylantirishni maqsad qilganmiz, - deydi A’zamjon Robilov. – Shu maqsadda milliy uslubda tandir va o‘choq qurildi, milliy matolar bilan bezatilgan hordiq maskanlari tashkil etilmoqda. Kelgusida muzey faoliyatini yanada kengaytirish rejalashtirilgan.
Mazkur xonadonga tashrif buyuruvchilar tayyor mahsulotlarni tomosha qilish bilan birga, kulolchilik buyumlarini tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etib, qadimiy hunar sirlari bilan tanishish imkoniga ega.
Zamira Robilovaning ta’kidlashicha, har bir kulolchilik buyumi o‘ziga xos san’at asari. Ularda milliy hunarmandchilik an’analari, ustalarning mehnati va mahorati mujassam.
To‘raobod mahallasi xotin-qizlar faoli Shahribonu Meliboyevaning ma’lum qilishicha, hududda ikki ming nafardan ortiq xotin-qiz istiqomat qiladi. Ular kulolchilik va boshqa tadbirkorlik yo‘nalishlarida faoliyat yuritib, mahalla iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda. Tadbirkorlar tomonidan ko‘plab xotin-qizlar kasanachilik asosida ish bilan ta’minlangan.
Bugun kulolchilik To‘raobod mahallasining o‘ziga xos iqtisodiy va hunarmandchilik yo‘nalishlaridan biriga aylangan. 1 ming 169 xonadonda 4 ming 200 nafar aholi istiqomat qiladigan hududda milliy kulolchilik an’analari zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA