Kuchli ta’lim-tarbiya orqali mamlakat qudratli bo‘ladi
Sirdaryo viloyatida O‘qituvchi va murabbiylar kuni — umumxalq bayrami ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Ertalabdan ustozlar Guliston shahridagi "Zomin" tantanalar uyida bir piyola choy ustida samimiy suhbat qurishdi.
Kun davomida viloyat bo‘ylab turli uchrashuv va tadbirlar o‘tkazilib, kechqurun amfiteatrda katta bayram dasturi bo‘lib o‘tdi. Unda butun umrini ilm va tarbiyaga bag‘ishlagan ustoz va murabbiylar alohida e’tibor bilan qadrlandi.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqib, sirdaryolik ustoz va murabbiylarni bayram bilan qutladi. Davlatimiz rahbari boshchiligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida o‘qituvchilarning sha’ni va hurmati yuksalib, ularning mehnatini qadrlaydigan muhit shakllanayotganini ta’kidladi.
[gallery-25565]
– Ta’lim-tarbiya har doim jamiyat uchun hayotiy masala bo‘lib kelgan. Shu bois Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyatini boshlagan ilk kunlaridanoq ta’lim sohasiga ustuvor ahamiyat qaratdi. Bugun sizu biz ana shu oqilona siyosat samarasini ko‘rib turibmiz, – dedi viloyat rahbari.
So‘z davomida ta’lim sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, viloyatda 200 ga yaqin pedagog 10 million so‘mdan ortiq maosh olib ishlamoqda. O‘qituvchilar majburiy mehnatdan ozod qilindi, ular uchun shaffof attestatsiya tizimi joriy etildi, Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari ochildi. Maktabgacha ta’limda qamrov ko‘rsatkichi 84 foizga yetdi.
2024–2025 o‘quv yilida Sirdaryo bitiruvchilarining 17,6 foizi xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi. Ulardan 70 nafari mahalliy oliygohlarga, 38 nafari esa xorijiy oliy ta’lim muassasalariga grant asosida o‘qishga qabul qilindi.
Viloyat o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida 11 ta sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, Sirdaryolik abituriyentlarning davlat oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichi o‘tgan yilgi 13-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarildi.
– Bu natijalarga erishishda ustozlarimiz va ta’lim fidoyilarining hissasi beqiyos. Prezidentimiz qaysi masalada selektor yig‘ilishi o‘tkazmasin, so‘zini ilm va tarbiyaga bog‘laydi. Chunki zamonaviy bilimlar orqaligina yurtimiz taraqqiyotga erishadi, – dedi Erkinjon Turdimov.

Shuningdek, Sirdaryoda pedagogik mahorat markazi uchun yangi zamonaviy bino qurilayotgani, mahalliy byudjetdan 18 milliard so‘m yo‘naltirilgani ta’kidlandi.

Tadbirda uzoq yillar xalq ta’limi sohasida xizmat qilgan Hamza Eshnazarov, Abdug‘ani Jo‘liyev, Abdug‘affor Shukurov, Saodat Fayziyeva kabi fidoyi ustozlar nomi alohida ehtirom bilan tilga olindi. Shuningdek, joriy yilning o‘zida 40 nafar sirdaryolik o‘qituvchi Prezident Farmoni bilan yuksak mukofotlarga sazovor bo‘ldi. Ular orasida Mohidil Ziyayeva, Dildora Tishlikova va Omon Suvonov kabi soha fidoyilari borligi barchada faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.

– Har bir davlatning kuch-qudrati uning ziyolilari bilan belgilanadi. Ta’limning obro‘si esa muallimning salohiyatida namoyon bo‘ladi. Ustoz hurmati bizning qadimiy qadriyatlarimizdandir, – dedi so‘zining yakunida viloyat rahbari.


Shundan so‘ng, soha fidoyilariga viloyat hokimligining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alar topshirildi. Bayramning tantanali qismi poytaxt va mahalliy san’atkorlar ishtirokidagi teatrallashtirilgan konsert bilan davom etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri