Kuchli poygachilar saralandi
Namanganda velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati hamda 1999-2000-yillarda tug‘ilgan yoshlar ishtirokida mamlakat kubogi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Namanganda velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati hamda 1999-2000-yillarda tug‘ilgan yoshlar ishtirokida mamlakat kubogi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida tashkil etilgan ushbu musobaqalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan o‘n yetti jamoa tarkibida yuzdan ziyod poygachi ishtirok etdi.
Chempionat natijalariga ko‘ra, kattalar o‘rtasidagi skretch 30 aylana bo‘ylab “Omnium-1” jamoaviy poygasida Chirchiq Olimpiya zaxiralari kolleji vakili D.Evdokimov marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Toshkent shahridan S.Medvedev kumush va A.Izmaylov bronza medaliga mos o‘rinlarni egalladi.
Ayollar o‘rtasidagi skretch 15 aylanadagi “Omnium-1” jamoaviy poygasida marra chizig‘ini birinchi bo‘lib chirchiqlik O.Jantuganova kesib o‘tdi. Undan keyin marraga Toshkent shahridan D.Adelshinova va Toshkent viloyati vakili R.Baymetova yetib keldi.
O‘smirlar o‘rtasidagi skretch 30 aylana bo‘ylab masofadagi bahslarda chirchiqlik M.Sulyayevga epchillik va mahorat bobida teng raqib topilmadi. U bilan murosasiz bellashgan Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji jamoasi vakillari D.Sirko va B.Ismatov ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi.
Yosh qizlar ishtirok etgan skretch 15 aylana bo‘ylab poygada Sirdaryo viloyati jamoasi a’zosi Ya.Kuskova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Toshkentlik S.Karimova ikinchi, poytaxt viloyati vakili M.Misyurina uchinchi o‘rinlarda qayd etildi.
Kubok bahslari dasturidan o‘rin olgan erkaklar o‘rtasidagi 72 aylanadagi 12 ta oraliq marradan iborat jamoaviy poygalarda D.Evdokimov marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tdi. Toshkent shahridan S.Medvedev ikkinchi va uning jamoadoshi A.Izmaylov uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.
Ayollar ishtirokida 48 aylanadagi 8 ta oraliq marradan iborat jamoaviy poygalarda mahorat ko‘rsatgan O.Jantuganova kubok sohibi bo‘ldi. Toshkent shahri jamoasidan R.Baymetova va N.Qo‘ziyeva ham sovrindorlar qatoriga kirdi.
Yosh qizlar o‘rtasida 500 metr masofaga o‘tgan git-poygalarda S.Karimova g‘oliblik shohsupasining yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Gulistonlik Ya.Kuskova ikkinchi, farg‘onalik Ye.Zaxarova uchinchi natijani qayd etdi. O‘smirlar o‘rtasida 3 kilometrga yakkalik poygalarda marraga Toshkent viloyatidan M.Sulyayev hammadan birinchi bo‘lib yetib keldi. Poytaxtlik A.Fomovskiy va D.Sirko ham g‘oliblar safidan joy oldi.
G‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi, Namangan viloyati hokimligi tomonidan medal, kubok, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.