Kubok g‘olib va sovrindorlari munosib taqdirlandi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan kelgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda professional voleybol klublari ishtirokida O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda yurtimizda sportni ommalashtirish, yoshlarni muntazam mashg‘ulotlarga jalb etish, yangi sport inshootlarini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Buning yaqqol isboti sifatida bu yilgi mamlakat kubogi musobaqasining yuqori saviyada tashkil etilganini ko‘rishimiz mumkin.
[gallery-26644]
Ta’kidlash joizki, o‘tgan yili mazkur musobaqada 22 ta jamoa ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 38 taga yetdi. Shundan 15 tasi ayollar, 24 tasi erkaklar jamoalaridir. Musobaqa 1–9 dekabr kunlari poytaxtimizdagi 5 ta sport zalida o‘tkazildi.
Ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlarda Namangan Davlat universiteti jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlar Buxoro hamda Andijon jamoasiga nasib etdi.
Erkaklar o‘rtasida o‘tgan musobaqalarda «Road Patrul» voleybolchilari g‘oliblik shohsupasining eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi. «HUMO» jamoasi 2-, «Uztelecom» jamoasi esa 3-o‘rin bilan kifoyalandi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan ta’sis etilgan kubok, diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA