Kriket: Aziz Mixliyev Osiyo sport tashkilotida muhim vazifaga tayinlandi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sportni rivojlantirish, O‘zbekistonning xalqaro sport diplomatiyasidagi o‘rnini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilishi ortidan o‘ziga xos natijalar qayd etilmoqda.
Olimpiya sport turlari bo‘lgan og‘ir atletika, boks, dzyudo, taekvondo, suv sport turlarining xalqaro tashkilotlarida qisqa fursatda 10 nafardan ziyod o‘zbekistonlik mutaxassislar faoliyat yuritib kelayotgani bunga yorqin misol.
Ana shu keng imkoniyatlar va davlatimiz tomonidan sport sohasida olib borilayotgan izchil siyosat tufayli O‘zbekiston kriket federatsiyasi ham qisqa muddatda xalqaro integratsiyaning muhim bosqichiga ko‘tarildi.
Kuni kecha Osiyo kriket kengashining navbatdagi ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev Osiyo kriket kengashining Inson resurslari va huquqiy masalalar qo‘mitasi vakili etib saylandi.
Bu, yurtimizda rivoj topayotgan kriket sporti uchun navbatdagi muhim institutsional bosqich bo‘lib, mamlakatimizning Osiyo sport hamjamiyatidagi ishtiroki va nufuzi izchil mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Aytish lozimki, Osiyo kriket kengashining Inson resurslari va huquqiy masalalar qo‘mitasiga Saudiya Arabistoni kriket federatsiyasi raisi, shahzoda Saud bin Mish’al al Saud rahbarlik qilib kelmoqda.
Qo‘mita tarkibidan ovoz berish huquqiga ega Saudiya Arabistoni, Singapur, Butan, Eron vakillari qatorida endi O‘zbekiston kriket federatsiyasi rahbari ham joy egalladi.
O‘zbekistonlik mutaxassisning nafaqat qit’ada, balki dunyoda kriket sport turi rivojida muhim rol o‘ynaydigan nufuzli qo‘mita tarkibiga kiritilishi mamlakatimizning xalqaro sport tashkilotlaridagi boshqaruv va huquqiy jarayonlarda bevosita ishtirok etish imkoniyatlari kengayib borayotganining amaliy ifodasidir.
Mamlakatimizda olimpiya sport turi kriketning rivojlanayotganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Bundan 3-4 yil muqaddam tashkil etilgan O‘zbekiston kriket federatsiyasi qisqa fursatda Osiyo va Xalqaro kriket kengashi a’zoligiga qabul qilindi. Bugun esa o‘zbekistonlik mutaxassis Osiyo kriket kengashining muhim boshqaruv qo‘mitalaridan birida o‘z faoliyatini boshladi.
Bu, O‘zbekiston sportining Osiyo va jahon maydonidagi mavqeini yanada mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi amaliy qadam bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA