Ko‘z ojizlik – imkonsizlik emas..
Buxorolik Sulton Sultonov 16 yoshida ko‘zi xastalanib, jarrohlik amaliyotidan so‘ng umuman ko‘rmay qolgan. U bu zarbadan dahshatga tushib, anchagacha o‘ziga kelolmay yurdi. Ammo atrofdagilarning yordami, qo‘llab-quvvatlashi tufayli oradan 10 yil o‘tib, ko‘zi ojizlik – imkonsizlik emasligi, asl ojizlik – qalb ko‘zining so‘qirligida ekanligini anglab yetadi. Istasa, shu holda ham jamiyatga, atrofdagilarga naf keltira olishini tushunadi.
Ayni paytda Sulton Sultonov Buxoro shahridagi 24- ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ona tili va adabiyoti fanidan dars beradi. 16 yoshiga qadar ko‘rganlarini o‘quvchilari ham aniq tasavvur qilishi uchun turli ko‘rgazmalar, ixtirolar yaratmoqda.
Brayl alifbosiga mo‘ljallangan yozuv doskasi ham uning ana shunday ixtirolaridan biridir.
–Maxsus maktab-internatida ish boshlagan kezlarim doim o‘zimning o‘quvchilik davrlarim tasavvurimda jonlanardi, – deydi Sulton muallim. – O‘qituvchilarimiz bergan topshiriqlarni bo‘r orqali yozuv taxtasida bajarganmiz. Doskada mashq bajarish, doskaga chiqib savollarga javob berishning o‘ziga xos mas’uliyati bo‘ladi, bu taxlit o‘rganganlari xotirasida chuqurroq muhrlanib qoladi. O‘quvchilarim uchun ham ana shunday muhit va imkoniyat yaratish maqsadida Brayl alifbosida yozishga mo‘ljallangan yozuv doskasi yaratdim. Ayni paytda o‘quvchilarim bu doskadan nafaqat ona tili va adabiyot darslarida, balki boshqa darslarda ham samarali foydalanayotganidan xursandman.
Sulton muallim shuningdek, o‘quvchilarning tasavvurlarini boyitishga xizmat qiladigan o‘nlab ko‘rgazmalar yaratdi. Ulardan biri – harakatlanuvchi “Koinot” maketi. Bu maketda sayyoralar ketma-ketlikda bo‘rtma tarzda joylashtirilgan bo‘lib, o‘quvchilar qo‘l sezgilari orqali koinot haqida to‘la tasavvurga ega bo‘ladi.
Doimiy izlanishda, imkoniyatlardan foydalanishga intilib kelayotgan Sulton muallim mahoratli ustoz bo‘libgina qolmay, sport yo‘nalishida ham qator yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. 2007 yildan buyon u sportning suzish va dyuzdo turi bo‘yicha nogironlar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan respublika chempionatlarida faol ishtirok etib kelmoqda.
Yaqinda paradyuzdo bo‘yicha o‘tkazilgan respublika chempionatida sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Zarif Komilov, O‘zA