Kosondagi gaz quvurlari asossiz kesilganmi?
Jurnalistik surishtiruv
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Koson tumani Gulbog‘ mahallasi hududidan o‘tgan asosiy gaz quvurlarining kesib olinayotgani va qishloq aholisi bu quvur bir paytlar odamlar yiqqan pulga qilinganini aytib norozilik bildirayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi va jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Holatni joyida o‘rganish maqsadida hududda bo‘ldik va haqiqiy holatni o‘rganishga harakat qildik.
Gulbog‘ mahallasi tuman markazidan unchalik uzoq emas. Aholi vakillarining ta’kidlashicha, ushbu gaz quvuri 1997-98 yillarda odamlarning yiqqan pullari evaziga tortib kelingan va tabiiy gazdan foydalanilgan.

– Bu quvurni odamlar asosan pul yig‘ib tortib kelgan, – deydi qishloq faxriylaridan biri Ibrohim Xushvaqtov. – Sovxoz qarzga botib qolgan edi. Qurbi yetmasdi. Shundan keyin gaz 3 yil yondi. Keyin u ham yo‘qoldi. Bir choynak choy ham qaynamay qoldi. Yoqilmagan gazga qarzdorlik kelavergach, yoptirib tashlaganmiz. Endi shu quvurni kesishga tushishdi. Tumangaz korxonasi hisobida turganmish. Biz kesishiga norozimiz. O‘sha paytda truba uchun bergan pulimga 10 xalta un berardi.
Odamlar bilan suhbatlasharkanmiz, quvurning kesib olib ketilishidan norozi ekanligini, kun kelib tabiiy gaz keladigan bo‘lsa, yana sarsongarchilik bo‘lishini ta’kidlaydi. Surishtiruvni davom ettirarkanmiz, tuman mas’ullari ham yetib keldi. Ulardan ham ushbu masalaga izoh so‘radik.

– Bu gaz liniyasi Navro‘z mahallasidan o‘tib kelgan va tuman gaz ta’minoti balansida, – deydi tuman hokimligi mas’uli Oybek Boboyorov. – 219 diametrli bu quvur asosiy quvur hisoblanib, bundan gaz girbi orqali ichki tarmoqlarga tarqatiladi. O‘sha ichki tarmoqdagi kichik quvurlarni aholi o‘z mablag‘iga tortib borgan bo‘lishi mumkin. Va ularni allaqachon kesib, yig‘ishtirib olishgan. Ammo bu asosiy quvur davlat mablag‘i evaziga qilingan. Umumiy uzunligi 17 kilometr. O‘z pulimizga olganmiz, degan fikrlar asossiz. Bu yerdan kesib olinib, boshqa hududga olib borib quyilmoqda degan fikrga ham qo‘shilmayman. Sababi, hammamiz bitta yurtning odamlarimiz va seniki-meniki, degan gap ketmaydi.
Xo‘sh, aslida markaziy gaz quvuri haqiqatda aholining pullari evaziga tortilganmidi? Agar haqiqatda shunday bo‘lsa, qancha mablag‘ evaziga, qayerdan olib kelingan? Kim olib kelgan va hokazo savollarga qishloq odamlaridan tayinli javob ololmadik.

Ushbu holat yuzasidan mahalla raisining ham fikrlarini tingladik.
– O‘sha davrni men bilaman. Odamlar ho‘kiz sotib yoki boshqa bir ko‘rinishda quvurlarni tortish uchun pul yig‘ishmagan. Bu davlat mablag‘i hisobiga qilingan. To‘g‘ri, quvur tortilguncha ustalarga choy qilish uchun yoki yetmay qolgan ayrim narsalarga odamlar pul yiqqan bo‘lishi mumkin, – deydi “Gulbog‘” MFY raisi Panji Bekmurodov.

Aslida ushbu gaz quvurlarini kesish nega kerak bo‘lib qoldi? Bunga birorta asos bormi? Ushbu savollar bilan tuman gaz ta’minoti tashkiloti rahbariga yuzlandik.
– Tumanimizni gazlashtirish 1989 yilda boshlangan bo‘lsa, 1999 yilga kelib Gulbog‘, Oqtepa, Qoraxitoy yo‘nalishlarida gaz quvuri tortilgan, – deydi Koson tuman gaz ta’minoti korxonasi boshlig‘i Yorqin Yodgorov. – Kolxoz va neftgaz tashkilotlari homiyligida tortilgan bu quvurlar. Oxirigacha 17 kilometrni tashkil qiladi. Gaz bosimi pasaygach, aholi punktlari bosqichma-bosqich suyultirilgan gaz ballonlariga o‘tkazildi. Shundan so‘ng bu quvurlardan gaz kelishi to‘xtadi. Viloyat hokimining tegishli farmoyishiga asosan tuman hududidan 4,7 kilometr quvurlar kesib olinib, Nishon tumanidagi yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarga tortilishi reja qilingan. Shu maqsadda kesilyapti. Tashkilotimiz balansida. Keyin xalqning puliga tortilgan degan fikrlar asossiz. Bu quvur yuqori bosimli quvur va o‘sha paytlarda sotilmagan.

Xullas, qishloq odamlari quvurlar o‘z pullariga tortilganini iddao qilsa, mas’ullar davlat mablag‘i evaziga qilingan deydi. Shu bois hamon ikki tomon ham o‘zaro kelishuvga erishganicha yo‘q. Ammo mas’ullarning ta’kidlashicha, tuman hokimi Asrol Boyqarayev aholining fikrlari ham inobatga olinishini ta’kidlabdi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri