Kosmik yo‘nalishdagi “Mission Moon” platformasi ishga tushirildi (+video)
Bolalar va o‘smirlarda kosmos, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalarga qiziqishni oshirish maqsadida “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan “School 21” hamkorligida “Mission Moon” kosmik ta’lim platformasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot “Tashkent City Mall” zamonaviy ko‘ngilochar markazidagi “Sky Park” bolalar maydonchasida tashkil qilindi.
“Mission Moon” bolalar va yoshlar uchun mo‘ljallangan zamonaviy kosmik ta’lim platformasi bo‘lib, u ishtirokchilarga kosmik texnologiyalar, sun’iy yo‘ldoshlar, Oy missiyalari, robototexnika, astronomiya va muhandislik kabi sohalar haqida interaktiv va qiziqarli formatda bilim olish imkoniyatini taqdim etadi.
Loyihaning asosiy maqsadi yosh avlodning kreativ va texnologik fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularda innovatsion g‘oyalarga qiziqish uyg‘otish hamda kelajakda milliy kosmik va muhandislik sohalari uchun malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan.
Tadbir davomida ishtirokchilar uchun platformaning imkoniyatlari, ta’lim yo‘nalishlari va interaktiv funksionallari haqida maxsus taqdimotlar o‘tkazildi. Shu bilan birga, bolalar uchun yaratilgan kosmik simulyatsiyalar, ta’limiy o‘yinlar va interaktiv mashg‘ulotlar namoyish etildi.
Tadbirning amaliy qismi sifatida “Space Activity Zone” kosmik faollik hududi tashkil etildi. Unda tematik stendlar va interaktiv stollar joylashtirilib, hamkor tashkilotlar hamda agentlik mutaxassislari tomonidan tayyorlangan amaliy materiallar, applikatsiyalar, mini-vorkshoplar va kreativ mashg‘ulotlar taqdim qilindi.
[gallery-29727]
Ishtirokchilar kosmosga oid turli viktorinalar, mini-missiyalar, mantiqiy topshiriqlar va jamoaviy bellashuvlarda qatnashdi.
Tadbir yakunida eng faol va bilimdon ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/UiPD2_Yq2z8" title="Kosmik yo‘nalishdagi “Mission Moon” platformasi ishga tushirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
S.Obidjonov (montaj), O.Pardayev (surat), O‘zA