Kosmik ma’lumotlar asosida Qashqadaryoda foydalanishga kiritish mumkin bo‘lgan yana 30 ming gektar yer aniqlandi
Uning eng katta qismi Muborak, Koson va Ko‘kdalaga to‘g‘ri keladi. Nishon, Qamashi, Qarshi, Mirishkor, G‘uzor, Yakkabog‘, Kitob, Chiroqchi va Shahrisabzda ham qo‘shimcha maydonlar o‘zlashtiriladi. Bu ishga Misrdan o‘n nafar doimiy maslahatchi jalb etiladi.
Prezidentimiz Qashqadaryoda ekin maydonlariga suv yetkazish murakkab va qimmatga tushayotganiga e’tibor qaratdi.
Kelasi yil 265 kilometr kanal betonlashtiriladi, 20 ta nasos yangilanadi. Bu ishlarga 550 milliard so‘m ajratiladi. 2027-yilda fermerlar bilan birga 75 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi.
Bu yil Koson, Nishon, Qamashi va Mirishkorda sig‘imi 50 ming kub metrdan bo‘lgan to‘rtta kichik suv hovuzi qurildi. Mazkur tajriba kengaytirilib, 1-iyungacha Koson, Nishon, Mirishkor, Qamashi va Yakkabog‘ning har birida yana ikkitadan shunday hovuz barpo qilinadi.
O‘zA