Kosmetologiya: "botoks"dan so‘ng 50 nafarga yaqin fuqaroda og‘ir nojo‘ya reaksiyalar kuzatildi
Bu haqda «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Shu bois, Fuqarolardan kosmetologik muolajalarni faqat litsenziyaga ega tibbiyot tashkilotlarida o‘tkazish, jumladan qo‘llanilayotgan preparatlarning O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tganligi va qonuniy muomalada ekanligiga ishonch hosil qilish, kelib chiqishi noma’lum yoki davlat ro‘yxatidan o‘tmagan mahsulotlardan foydalanmaslik so‘ralmoqda.
Sababi, avval ham xabar berilganidek, “Refinex Botulinum Toxin Type A for Therapy” hamda “Dysport 500 Clostridium botulinum type A toxin-haemagglutinin complex” mahsulotlar qo‘llanilishi oqibatida fuqarolarda jiddiy nojo‘ya reaksiyalar kuzatilgan. Hozirgi vaqtda ushbu holatlar yuzasidan o‘rganish va nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
E’tiborlisi, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi botulinotoksin saqlovchi davlat ro‘yxatidan o‘tmagan “Refinex Botulinum Toxin Type A for Therapy” hamda “Dysport 500 Clostridium botulinum type A toxin-haemagglutinin complex” mahsulotlari qo‘llanilishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan fuqarolarni yana bir bor ogohlantirmoqda.

“Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga qadar ushbu mahsulotlar kosmetologik maqsadlarda qo‘llanilganidan so‘ng og‘ir nojo‘ya reaksiyalar kuzatilgan fuqarolar soni 50 nafarga yaqinlashgan. Ayrim bemorlarda botulizmga xos klinik belgilar aniqlanib, ularga statsionar sharoitda zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Hozirda vakolatli organlar tomonidan mazkur holatlar yuzasidan har tomonlama o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, mahsulotlarning kelib chiqishi, mamlakat hududiga olib kirilishi va O‘zbekiston Respublikasidagi muomalasi bilan bog‘liq holatlar aniqlashtirilmoqda.
Yana bir bor eslatib o‘tamizki, “Refinex Botulinum Toxin Type A for Therapy” hamda “Dysport 500 Clostridium botulinum type A toxin-haemagglutinin complex” mahsulotlari O‘zbekiston Respublikasida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Shu sababli ularning xavfsizligi, sifati va samaradorligi vakolatli organ tomonidan baholanmagan”, deyiladi xabarda.
Agar mazkur mahsulotlar xarid qilingan yoki qo‘llanilgan bo‘lsa, ulardan foydalanishni darhol to‘xtatish hamda shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Muhim eslatma: mahsulot qo‘llanilgandan so‘ng ko‘rishning xiralashishi, qovoqlarning osilishi, yutinish yoki gapirishning qiyinlashishi, mushaklar kuchsizligi, nafas olishning qiyinlashishi kabi alomatlar kuzatilgan taqdirda zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish zarur.
«Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasi fuqarolarni o‘z salomatligiga mas’uliyat bilan yondashishga, dori vositalari va tibbiy mahsulotlarni faqat qonuniy savdo tarmoqlari orqali xarid qilishga hamda shubhali mahsulotlar aniqlangan hollarda vakolatli organlarga zudlik bilan murojaat qilishga chaqiradi.
Mohigul Qosimova, O‘zA