Korxonani modernizatsiya qilish va innovatsion rivojlantirish samarasi
Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasining 20 yillik taraqqiyot tarixi ishlab chiqarish salohiyatini muntazam rivojlantirish, texnologik jarayonlarni takomillashtirish, zamonaviy uskunalarni joriy etish va resurslardan oqilona foydalanish yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlar bilan chambarchas bog‘liq.
Bugungi kunda korxonaning rivojlanish strategiyasida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bilan bir qatorda, energiya resurslarini tejash, mahsulot tannarxini maqbullashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini mahalliylashtirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan qator modernizatsiya va investitsiya loyihalari ana shu maqsadlarning amaliy ifodasidir. Jumladan, suvni tozalash va tuzsizlantirish tizimining yangilanishi, “Uz-Kor Gas Chemical” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasidan karbonat angidrid gazini qabul qilish va qayta ishlash tizimining yo‘lga qo‘yilishi, polipropilen qop ishlab chiqarish sexining tashkil etilishi hamda maishiy oqova suvlarni tozalash inshootining modernizatsiya qilinishi korxonaning texnologik va ishlab chiqarish salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Korxona faoliyatida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mahsulot tannarxini maqbullashtirish, energiya va boshqa resurslardan oqilona foydalanish hamda zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarish jarayonlariga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Korxonaning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasida eskirgan, yuqori energiya sarfini talab qiladigan uskunalarni bosqichma-bosqich zamonaviy va energiya tejamkor texnologiyalar bilan almashtirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Ana shunday izchil ishlarning amaliy ifodasi sifatida korxonada suvni tozalash va tuzsizlantirish tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha muhim loyiha amalga oshirildi. Suvni tozalash tizimini modernizatsiya qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, ishlab chiqarish jarayonlarida foydalaniladigan suvni samarali tayyorlash bilan bir qatorda, energiya sarfini kamaytirish va ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirishdan iborat.

Loyiha doirasida mahsulot ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish, xomashyo, yoqilg‘i va energiya resurslarining ortiqcha sarflanishining oldini olish, yuqori energiya sarfini talab qiluvchi eskirgan uskunalarni zamonaviy qurilmalarga almashtirish, suvni tuzsizlantirish jarayonining texnologik samaradorligini oshirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan yanada samarali foydalanish kabi vazifalarga ustuvor ahamiyat berildi. Shuningdek, eskirgan distillyatsiya usulidagi tuzsizlantirish uskunasining faoliyati to‘xtatilib, uning o‘rniga zamonaviy texnologiya asosida ishlaydigan yangi suv tozalash uskunasi o‘rnatildi.

Mazkur texnologiyaning joriy etilishi suvni tuzsizlantirish jarayonini yanada samarali tashkil etish, energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va texnologik jarayonlarning barqarorligini ta’minlash imkonini berdi. Shuningdek, amaldagi osmos tizimining imkoniyatlari kengaytirilib, qo‘shimcha 60 m³/soat hajmda tuzsizlantirilgan suv ishlab chiqarish quvvatiga ega qilindi. Natijada suv tozalash tizimining umumiy quvvati 75 m³/soatdan 135 m³/soatgacha oshirildi. Bu esa korxonaning ishlab chiqarish jarayonlarini zarur miqdordagi sifatli va tuzsizlantirilgan suv bilan barqaror ta’minlash imkoniyatini sezilarli darajada kengaytirdi.
Modernizatsiyaning eng muhim natijalaridan biri yuqori energiya sarfini talab qiluvchi eski distillyatsiya qurilmasining faoliyati to‘xtatilgani hisobiga energiya resurslaridan foydalanish hajmining kamayishidir. Tabiiy gaz sarfining qisqarishi korxonaning energiya samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish xarajatlarini maqbullashtirish va mahsulot tannarxini pasaytirishga xizmat qilmoqda.

Korxonaning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va mavjud resurslardan samarali foydalanish borasidagi muhim loyihalardan yana biri “Uz-Kor Gas Chemical” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasidan karbonat angidrid gazini qabul qilish va uni korxonaga yetkazib berish tizimini tashkil etish loyihasidir. Mazkur loyiha 2022-yil fevral oyida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-fevraldagi “Kimyo sanoati korxonalarini yanada isloh qilish va moliyaviy sog‘lomlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ishga tushirildi.
Loyihaning asosiy maqsadi “Uz-Kor Gas Chemical” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan, tarkibida 98–99 foiz karbonat angidrid bo‘lgan gazlarni atmosferaga chiqarib yuborish o‘rniga, ularni korxonaning ishlab chiqarish jarayonida foydalanish va qayta ishlashga yo‘naltirishdan iborat. Bu yondashuv bir vaqtning o‘zida iqtisodiy samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va ekologik mas’uliyatni kuchaytirishga xizmat qildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida korxonaning ishlab chiqarish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi. Xususan, qo‘shimcha ravishda yiliga 10,0 ming tonna кальцинацияланган сода ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, korxonaning kunlik ishlab chiqarish quvvati 625–630 tonnaga yetkazildi.
Loyihaning muhim jihati shundaki, boshqa sanoat korxonasida hosil bo‘ladigan karbonat angidrid gazidan foydali texnologik resurs sifatida foydalanish imkoniyati yaratildi. Natijada sanoat kooperatsiyasi mustahkamlanib, resurslardan samarali foydalanishning yangi mexanizmi shakllandi. Mazkur loyiha korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, ekologik va iqtisodiy samaradorlikni uyg‘unlashtirishga qaratilgan zamonaviy yondashuvning amaliy ifodasidir.
Korxonada ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bilan bir qatorda, tayyor mahsulotni qadoqlash jarayonini mahalliylashtirish, qo‘shimcha qiymat yaratish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga qaratilgan loyihalar ham amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 2024-yil 31-mayda “Polipropilen qop ishlab chiqarishni tashkil qilish” investitsiya loyihasi texnik kengash bayoni asosida tasdiqlandi. Loyihani amalga oshirish doirasida 2024-yil 2-avgustda Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida joylashgan “Kvars” aksiyadorlik jamiyati bilan shartnoma tuzildi. Shartnoma asosida polipropilen qoplar ishlab chiqarish liniyasi xarid qilinib, tegishli montaj va sozlash ishlari amalga oshirildi. Natijada 2025-yil yanvar oyida yangi ishlab chiqarish liniyasi muvaffaqiyatli ishga tushirildi.
Qop ishlab chiqarish quvvatini oshirish maqsadida sexda 4 dona qop to‘qish, 1 dona polietilen paket ishlab chiqarish, 1 dona muhrlash uskunasi o‘rnatildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida sexning ishlab chiqarish quvvati kuniga 10 ming donaga yetkazildi. Shuningdek, polietilen plyonkasini qo‘yish, kesish va tikish uskunasi bo‘yicha sinov ishlari yakunlangach, ishlab chiqarish quvvatini kuniga 12 ming donaga yetkazish rejalashtirilgan.
Korxonada ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish bilan bir qatorda, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, atrof-muhit muhofazasiga e’tiborni kuchaytirish hamda zamonaviy muhandislik infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan loyihalar ham muhim o‘rin tutadi. Shunday loyihalardan biri maishiy oqova suvlarni tozalash inshootini modernizatsiya qilish loyihasidir.
Mazkur loyiha korxonaning xo‘jalik-maishiy faoliyati natijasida hosil bo‘ladigan oqova suvlarni samarali tozalash, mavjud inshootning texnik imkoniyatlarini kengaytirish hamda ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqligini ta’minlash maqsadida amalga oshirildi.
Modernizatsiya ishlari natijasida maishiy oqova suvlarni tozalash inshootining tozalash quvvati soatiga 500 m³ etib belgilandi. Mazkur quvvat korxonada hosil bo‘ladigan maishiy oqova suvlarni uzluksiz qabul qilish va samarali tozalash, tozalash jarayonlarining barqarorligini ta’minlash hamda korxonaning ekologik infratuzilmasini mustahkamlash imkonini beradi.
Ekologik yo‘nalishdagi loyihalar esa ishlab chiqarish jarayonlarining atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish, suv resurslarini muhofaza qilish va korxonaning ekologik xavfsizligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa korxonaning nafaqat bugungi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini, balki kelajakdagi raqobatbardoshligini ham ta’minlash uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri