Korxona mahsulotlari eksportga
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi “Boston Klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida tashkil etilgan «BO`STON OPTIMAL TEKSTIL» hamda «BOSTON MEGA TEKSTIL» mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning aksariyati xorijga eksport qilinmoqda.
«BO`STON OPTIMAL TEKSTIL» mas’uliyati cheklangan jamiyati yillik quvvati 5 ming tonna ip kalava va 2500 tonna yumshoq sochiq ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqda. Mazkur loyiha bo‘yicha tashqi iqtisodiy faoliyat “Milliy bank” Urganch filialining 6 million 125 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘i hisobidan Fransiya, Italiya, Germaniya, Turkiya, Shveysariya davlatlaridan zamonaviy texnologik uskunalari xarid qilindi.
Jumladan Fransiya davlatining “Staubli Lyon”, Italiyaning “Itema”, Germaniyaning “Trutzschler” , Turkiyaning “Elips Tekstil Pazarlama ve Dis Tic. LTD. Sti” hamda “DILMENLER MAKINE PAZARLAMA SAN. ve TIC. LTD. STI” firmalarining texnologik uskunalari olib kelindi va joriy yil iyun oyidan to‘liq ishga tushirildi.

Yil boshidan 650 tonna ip kalava hamda 100 tonnadan ortiq yumshoq sochiq mahsulotlari ishlab chiqarilib, ichki bozorga sotilmoqda. Eksport borasida Rossiya Federatsiyasi ishbilarmon doiralari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Shuningdek, “BOSTON MEGA TEKSTIL” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham yillik quvvati 5 ming tonna ip kalava va 10 million m.kv jinsi matosi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha bo‘yicha tashqi iqtisodiy faoliyat “Milliy bank” Urganch filialidan olingan 7 million 227,8 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘i hisobidan Germaniya, Xitoy, Yaponiya va Belgiya davlatlaridan zamonaviy yigiruv-to‘quv uskunalari olib kelib o‘rnatilganligi tufayli loyiha ishga tushirildi. Hozirda 350 nafarga yaqin ishchi-xodim doimiy ish bilan ta’minlangan jamiyatda joriy yilning yanvar-noyabr oylarida 2549,6 tonna kalava ipi va 275 ming pogon metr to‘qima matosi ishlab chiqarilib, shundan 703,9 tonna ip kalava eksport qilindi.

–Kelajakda mahsulotlar sifatini yanada yaxshilab, eksport doirasini kengaytirish asosiy maqsadimiz,–deydi “BOSTON MEGA TEKSTIL” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Jumaboy Jabbarov.–Jumladan jinsi matosidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish rejasi amalga oshirilmoqda.
Estoniyalik investorlar bilan hamkorlikda "Ellmed" qo‘shma korxonasi tashkil qilinib, umumiy qiymati 2,5 million AQSH dollari bo‘lgan “tibbiyot binti va paxta momig‘i ishlab chiqarish” loyihasi joriy yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyiha negizida 200 ta yangi ishchi o‘rni yaratiladi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA