Korrupsiyaviy xavflar ustidan jamoatchilik nazorati bo‘yicha Latviya tajribasi o‘rganilmoqda
Riga shahrida o‘zbekistonlik NNT vakillari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida tashkil etilgan ilk “Yozgi maktab” ta’lim dasturi o‘z ishini boshladi.
Mazkur dastur Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Yevropa Ittifoqi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati hamda Latviya Markaziy moliya va shartnomalar agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish – inklyuziv korrupsiyaning oldini olish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, ushbu tashabbus Agentlik tomonidan hamkor xalqaro tashkilotlar ko‘magida fuqarolik jamiyati institutlarini korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga faol jalb etish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan o‘quv seminarlari va treninglarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Mazkur “Yozgi maktab” dasturi fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatini yanada mustahkamlash, ularning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ishtirokini kengaytirish hamda xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan mahalliy va milliy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mas’ul xodimlari o‘rin olgan.
Dasturning asosiy maqsadi Latviya tajribasi asosida fuqarolik jamiyatining korrupsiyaning oldini olishdagi o‘rnini kuchaytirish, jamoatchilik ishtirokining samarali mexanizmlarini o‘rganish va ularni milliy amaliyotga moslashtirish imkoniyatlarini baholashdan iborat.
Ochilish marosimida Latviya Markaziy moliya va shartnomalar agentligi direktor o‘rinbosari Solita Dombrovska hamda “Transparency International Latvia” direktori o‘rinbosari Agniya Birule so‘zga chiqib, dasturning ahamiyati, maqsadlari va kutilayotgan natijalari haqida to‘xtaldi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini monitoring va tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Daulanov Latviya O‘zbekiston uchun ma’muriy islohotlar va korrupsiya profilaktikasi sohasida muhim hamkor ekanini ta’kidladi.

Latviya Markaziy moliya va shartnomalar agentligi direktori Anita Kruminya korrupsiyaga qarshi kurashda uning oqibatlariga emas, avvalo, oldini olishga ustuvor ahamiyat qaratish lozimligini ta’kidladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish uzluksiz jarayon bo‘lib, bu yo‘lda barcha tomonlarning samarali hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Dasturning birinchi kuni fuqarolik ishtirokining huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlariga bag‘ishlandi.
Latviya Davlat kanselyariyasi vakili Inese Kushke milliy darajada fuqarolik ishtirokini institutsionallashtirish mexanizmlari haqida ma’lumot berdi. Davlat kanselyariyasi hukumat va jamoatchilik o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishi qayd etildi. Ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash maqsadida jamoatchilik va OAV bilan doimiy muloqot olib boradi.
Dastur doirasida ishtirokchilar Latviyaning davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati bilan tanishib, davlat resurslarini boshqarishdagi korrupsiyaviy xavflar, manfaatlar to‘qnashuvi va davlat xaridlari ustidan jamoatchilik nazorati bo‘yicha tajribasini o‘rganadi.
N.Abduraimova, O‘zA