Korrupsiyaga qarshi murojaatlar soni ortmoqda
Korrupsiya biror mansabdor shaxsning qonunchilik va axloqqa zid ravishda o‘zining boshqaruv vakolatlari va huquqlaridan shaxsiy manfaatlar maqsadida foyda olishidir. Poraxo‘rlik, keng ma’noda korrupsiya deb ataluvchi hodisa barcha islohotlar ildiziga bolta urarkan, uni keltirib chiqaruvchi sabab va qarshi kurash choralarini bilishimiz lozim bo‘ladi.
Bugungi kunda, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xalq bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, murojaatlar bilan ishlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 2026-yilning 6 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslardan korrupsiyaga oid jami 3 652 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu davr mobaynida murojaatlarning 3 559 tasi ko‘rib chiqilishi ta’minlangan bo‘lib, hozirda 93 ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda.
Ko‘rib chiqilgan murojaatlarni o‘rganish davomida vazirliklar, idoralar va viloyat (tuman, shahar) hokimliklariga kiritilgan taqdimnoma hamda so‘rovlar natijasida 75 tasi ijobiy hal etilgan, 2 636 ta murojaat taalluqliligi bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga yo‘naltirilgan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati tufayli, korrupsiyaga qarshi kurash mavzusi ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilayotganligi, fuqarolarda bu illatga toqatsizlikning aniq va ravshan shakllanayotganligi hamda davlat idoralari mas’ullari tomonidan sodir etilayotgan korrupsion holatlar ochiqlanishi natijasida Agentlikka kelib tushayotgan murojaatlarning soni ko‘payishi kuzatilmoqda. Jumladan, 2025-yilning 6 oyi davomida Agentlikka kelib tushgan 2 872 ta murojaatlarni 2026-yilning 6 oyi davomida kelib tushgan 3 652 ta murojaatlarga nisbatan solishtirganda murojaatlar salmog‘i 27,2 foizga oshgan.
Agentlikka kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyatida sud-huquq sohasidagi muammolar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari va turli sohalarda korrupsiyaviy holatlarning yuz berayotgani to‘g‘risida yozilgan murojaatlardan iborat.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, agentlik tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish sohasida amalga oshirilgan ishlar kompleks tahlil qilindi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari tomonidan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiq, jami 336 ta mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma taqdim etilgan. Shuningdek, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi yuzasidan jami 627 385 ta deklaratsiya to‘ldirilgan.
Ushbu hujjatlar tahlili natijasida jami 2 951 ta, jumladan, 446 ta mavjud hamda 2 505 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi aniqlandi.
Shuningdek, 865 ta holat (446 ta mavjud hamda 419 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) qonunchilik talablariga muvofiq tegishli tartibga solish choralari ko‘rilishi natijasida bartaraf etildi.
Jumladan, 138 nafar xodim boshqa rahbar bo‘ysunuviga o‘tkazildi, 11 nafar xodim kollegial organ tarkibidan ixtiyoriy chiqdi, 21 nafar xodimning lavozim majburiyatlari va xizmat vakolatlari qayta ko‘rib chiqildi, 51 nafar xodimning ayrim axborot va hujjatlardan foydalanishi cheklandi, 301 nafar xodimning yakka tartibda qaror qabul qilish vakolati ustidan kollegial nazorat o‘rnatildi, 87 nafar xodimga shaxsiy manfaatdorlikni bartaraf etish bo‘yicha takliflar berildi,196 nafar xodim shaxsiy manfaatdorligidan ixtiyoriy voz kechdi hamda 60 nafar xodim boshqa teng lavozimga o‘tkazildi yoki mehnat shartnomasi bekor qilindi.
O‘rganishlar davomida vazirliklar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha belgilangan cheklovlarga rioya etilmagan jami 831 ta holat (vazirliklar tizimida – 60 ta, mahalliy hokimliklarda – 771 ta) aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 193-4-moddasiga ko‘ra, 168 ta ma’muriy huquqbuzarlik haqidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli sud qarorlariga asosan jarima jazosi tayinlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan murojaatlar bilan ishlash borasidagi amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar aholi muammolarining yechimi topilishiga xizmat qilmoqda hamda murojaatlarda ko‘rsatib o‘tilayotgan korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqarayotgan omillarni tahlil qilgan holda ularni bartaraf qilish uchun tegishli chora-tadbirlarning ishlab chiqilishiga zamin yaratmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA