Korrupsiyaga qarshi kurashish: Asossiz yashirilgan 771 ta hujjat aniqlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kengaytirish, nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida qanday imkoniyatlar yaratilmoqda?
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov shu savolga javob berdi:
– NNTlar korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim ishtirokchisiga aylanmoqda. Prezident qarori bilan ularning mazkur yo‘nalishdagi loyihalarini grantlar va ijtimoiy buyurtmalar orqali qo‘llab-quvvatlash uchun har yili 10 milliard so‘m ajratish belgilangan.
2026-yilning to‘qqiz oyida fuqarolik jamiyati institutlarining 25 ta loyihasiga 6,3 milliard so‘m grant ajratildi. Bu 2025-yil davomida ajratilgan 3,4 milliard so‘mdan qariyb 85 foiz ko‘p.
Loyihalar mahalliy byudjet ustidan monitoring o‘rnatish, jurnalistik surishtiruv bo‘yicha qo‘llanmalar tayyorlash, halollik darslari metodologiyasi va ochiqlikka oid raqamli platformani ishlab chiqish, qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish hamda «Shaffof mahalla» konsepsiyasini yaratishga qaratilgan.
NNT vakillarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun joriy yilning to‘qqiz oyida 20 ga yaqin amaliy mashg‘ulot va seminar-trening o‘tkazilib, qariyb 400 nafar ishtirokchi qamrab olindi. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 135 nafarni tashkil etgan.
O‘zbekistonda ilk bor NNT vakillari BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablari bajarilishini monitoring qildi. Ushbu tashabbusni rivojlantirish uchun surishtiruv jurnalistikasi va muqobil monitoring yo‘nalishida davlat ijtimoiy buyurtmalari e’lon qilinib, loyihalar amalga oshirilmoqda.
Agentlik va «Ijtimoiy fikr» markazi hamkorligida korrupsiyaning tarqalganlik darajasi hamda unga qarshi kurashish samaradorligini baholashga doir so‘rovlar o‘tkazildi. Ularda 14 hududdan 1416 nafar respondent qatnashdi.
Sohadagi ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida 2021 - 2026-yillarda himoya qilingan 40 ta dissertatsiya tahlil qilindi. Ularning 6 tasi fan doktori, 34 tasi falsafa doktori darajasi uchun tayyorlangan. Yana 22 ta tadqiqot davom etmoqda. Tadqiqotlarning 159 ta natijasi amaliyotga, jumladan, 109 tasi normativ-huquqiy hujjatlarga joriy etilgan.
Agentlik va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamkorligida Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasida NNTlar uchun maxsus kurs ishlab chiqildi. Noyabrdan boshlanadigan kurs ishtirokchilarga o‘z hududidan chiqmasdan bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish imkonini beradi. Kursni muvaffaqiyatli yakunlaganlarga sertifikat taqdim etiladi.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat – komplayens bo‘yicha 736 nafar talabgorning nazariy bilimlari test orqali baholandi. Ulardan 526 nafari suhbat bosqichidan o‘tkazildi. Suhbatlar tasdiqlangan reja asosida davom etmoqda.
2026-yilning to‘qqiz oyida hokimliklar qabul qilgan 128 ming 174 ta hujjatning 71 foizi ochiqlangan. Qolgan 37 ming 315 tasi yopiq maqomda qabul qilingan.
Monitoringda 771 ta hujjat asossiz yashirilgani aniqlandi. Agentlikning 53 ta taqdimnomasi asosida ularning ochiqlanishi ta’minlandi. Xizmat tekshiruvlari natijasida 3 nafar rahbar ishdan bo‘shatildi, 2 nafariga hayfsan berildi, 96 nafari intizomiy javobgarlik haqida rasman ogohlantirildi.
Joriy yilning o‘n oyida umumiy qiymati qariyb 36,1 milliard so‘mlik 33 ta davlat xaridida qonunbuzilish aniqlandi. Agentlik taqdimnomalari asosida mazkur xaridlar bekor qilindi.
Jumladan, «O‘zbekneftgaz» buyurtmachiligidagi 4,38 milliard so‘mlik 4 ta, «Samarqand invest kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyatining boshlang‘ich qiymati 3,7 milliard so‘mlik 2 ta xaridi bekor qilindi. Shuningdek, «Raqamli komplayens» tizimi orqali Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi buyurtmachiligidagi 2,2 milliard so‘mlik xaridda qonunbuzilish aniqlanib, uning ham bekor qilinishi ta’minlandi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA