Korrupsion omillar muhokama qilindi
Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Respublika idoralararo ishchi guruhi Xorazm viloyatida kriminogen vaziyat, turli sohalarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, idora va tashkilotlar faoliyati ochiqligining ta’minlanganlik holatini o‘rganmoqda.
Ishchi guruh ikki kun mobaynida Urganch va Hazorasp tumanlarida korrupsiya holati eng ko‘p yuzaga kelayotgan sog‘liqni saqlash, bandlik, maktabgacha va maktab ta’limi, kadastr-qurilish sohalarida 10 dan ortiq ob’ektda o‘rganishlar o‘tkazdi.
Viloyat hokimligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning Xorazm viloyat hududiy kengashi navbatdagi yig‘ilishida o‘rganishlarning dastlabki yakunlari hamda hududiy kengashning o‘tgan davrdagi faoliyati muhokama qilindi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanganidek, o‘rganish davomida viloyatdagi ayrim sohalarda korrupsiyaning oldini olish yo‘nalishida ishlar samarali tashkil etilmagan. Aholiga xizmat ko‘rsatish jarayonlarida “inson omili” hamon saqlanib qolgan. Ishchi guruhning amaliy ko‘magida ayrim muammo va kamchiliklar joyida bartaraf etildi.
Yig‘ilishda o‘tgan 2024 yilda viloyatda sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar va ularning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlar, mahalliy davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining bugungi holati chuqur tahlil etildi.
– Tahlillarga ko‘ra, 2023 yilda Xorazm viloyatida jami 128 nafar shaxsga nisbatan 126 ta korrupsiyaviy holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 2024 yilda ushbu ko‘rsatkich jami 356 nafar shaxsga nisbatan 278 tani tashkil etib, bu turdagi jinoyat ishlari soni 2 barobarga oshgan,– dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov. – Davlatimiz rahbari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi har oyda bir marta tanlab olingan soha bo‘yicha korrupsiyaviy omillarni o‘rganish va takliflar berishi lozimligi bo‘yicha topshiriqlar berildi. Hududiy kengash viloyatdagi ayni yo‘nalishdagi dastlabki o‘rganishlarni aynan sog‘liqni saqlash, bandlik va ta’lim sohalaridan boshlashi maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.
[gallery-22486]
Yig‘ilishda korrupsion jinoyatlarning oldini olish, davlat haridlarini amalga oshirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash kabi muhim yo‘nalishlardagi kamchilik va sustkashliklar ham tanqidiy ko‘rib chiqildi.
O‘rganish yakunlaridan kelib chiqib, hududiy kengashning yangilangan yillik ish rejasi hamda Hazorasp tumanini korrupsiyadan xoli hududga aylantirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari