“Koronavirusning eng ishonchli davosi – vaqt”
Mashhur milliarder Bill Geyts hali 2015-yildayoq “agar yaqin orada yuz minglab insonlarni mahv etish kerak boʻlsa, buning uchun urush emas, virus ishlatiladi.
Tahlil
Mashhur milliarder Bill Geyts hali 2015-yildayoq “agar yaqin orada yuz minglab insonlarni mahv etish kerak boʻlsa, buning uchun urush emas, virus ishlatiladi. Shuning uchun biz raketalarga qarshi harbiy texnikalar emas, epidemiyaga qarshi kurash tizimiga koʻproq mablagʻ ajratishimiz kerak boʻladi” degan edi. Afsuski, u haq boʻlib chiqmoqda.
Bugun birinchi raqamli mavzu – koronavirus! Internetga kirishimiz bilan avvalo u bilan bogʻliq xabarlarni izlaymiz. Tobora kattalashib, borayotgan raqamlarni koʻnglimiz bezillagancha, bu baloyi azimning tezroq bartaraf etilishi boʻyicha biror yangilik chiqmadimikin, deya shu mavzudagi maʼlumotlarni izlaymiz. Hammamizni bir xil savol qiziqtiradi: Bu ofat yana qancha davom etadi? U yana qancha odamning umriga zomin boʻlishi mumkin? Uning davomi bormi? Va, eng muhimi...Vaksina qachon tayyor boʻladi? Bu borada dunyoning turli burchaklarida yetuk olimlar ish olib borishmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, koronavirusga qarshi vaksina va preparatlar yaratish boʻyicha qirqdan ortiq ilmiy markazlarda yuzlab mutaxassislar ish olib borishmoqda.
“Yevronyus” telekanalining maʼlum qilishicha, vaksina yaratish baʼzida 10-15 yilni talab qiladi. Biroq, Afrikada Ebola virusi tarqalganda, bu borada ishlar tezlashtirilgan, qisqa muddatda vaksina yaratilgan edi. AQSH oziq-ovqat va dori-darmonlar boʻyicha sifat nazorati boshqarmasi rahbari Stiven Xanning aytishicha, koronavirusga qarshi vaksinani yaratish va sinovdan oʻtkazish uchun 12 oy talab qilinishi mumkin.
Mart oyining oʻrtalarida amerikalik Jennifer Xaller koronavirusga qarshi sinov tariqasida birinchi emlangan inson sifatida tarixga kirdi. Ayni paytda oʻz tanasida turli preparatlarni sinab koʻrishga rozilik bildirganlar safi kengayib bormoqda. Agar preparat ular tanasida kutilgan natijalarni bersa, boshqalarda ham bemalol qoʻllash mumkin boʻladi.
Umidbaxsh “poyga”lar
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, COVID-19 ga qarshi vaksina yaratishda asqotadigan yuzlab ishlanmalar mavjud. Biroq ularning juda oz qismi klinik sinovdan oʻtkazilgan. Ulardan biri koronavirusning genetik materialiga taʼsir oʻtkazishga qaratilgan.
Fransiyaning Salomatlik va tibbiy tadqiqotlar milliy institutida koronavirus tarkibidagi RNK tuzilishiga mos ravishda vaksina ishlab chiqarish ustida bosh qotirilmoqda. Germaniyaning CureVac kompaniyasi iyun oyida oʻz vaksinalarini klinik sinovdan oʻtkazishni maqsad qilgan. Yevrokomissiya rahbariyati tomonidan mazkur kompaniyaga koronavirusga qarshi kurashga yoʻnaltirilgan tadqiqotlar uchun 80 million yevro mablagʻ ajratgan.
Fransiyalik mikrobiolog olim Didye Raul birinchi boʻlib, koronavirusni davolashda eng oddiy usul – bezgakni davolashda ishlatiladigan gidroksixloroxin va antibiotiklarni birgalikda qoʻllashni taklif qildi. Bu usul Italiya shifoxonalarida ham sinovdan oʻtkazildi.
“Koronavirus: najot bormi?”
AQSHning Virjiniya shtatidagi Jorj Meyson universiteti professori Anna Baranova ham koronavirus haqida juda qiziq mulohazalarni ilgari surdi. Lenta.ru nashrining yozishicha, olima uzoq yillardan beri viruslar va ularning oʻziga xos jihatlari haqida ilmiy izlanishlar olib boradi.
Yaqinda internetda uning “Koronavirus: najot bormi?” nomli elektron kitobi juda mashhur boʻlib ketdi. Olimaning qayd etishicha, boshqa epidemiyalar singari bu kunlar ham qisqa fursatda tarixga aylanadi. Ammo, ertami-kechmi Yer yuzidagi insonlarning 60-70 foizi bu kasallik bilan toʻqnash kelishi mumkin ekan. Faqat, buning uchun aslo vahimaga berilishning keragi yoʻq. Chunki, koronavirus infeksiyasi odamdan odamga oʻtgani sayin oʻzining dastlabki “qudratini” yoʻqotib boradi. Bu fanda “attenuatsiya” deb ataladi. Bu holat boshqa koʻplab viruslar bilan ham sodir boʻlgan.
Oddiy misol: Covid-19 ilk bor paydo boʻlganida, uning oʻlim koʻrsatkichi 50 foizdan yuqori boʻlgan. Yaʼni, bu kasallikka chalingan har ikkinchi odam vafot etgan. Vaqt oʻtishi, virus bir tanadan ikkinchisiga oʻtib borishi jarayonida bu koʻrsatkichlar ham kamayib kelmoqda. Bora-bora u oddiy gripp, tumov singari mavsumiy oʻtkir resperator kasalliklardan biriga aylanib qolishi mumkin.
Bir paytlar koronavirusdan koʻra dahshatliroq boʻlgan SARS, MERS singari kasal liklar bugun hech kimni bezovta qilmay qoʻydi. Aslida ular hech qayerga yoʻqolib ketgani yoʻq. Masalan, Yaqin Sharqda asosan tuyalar orqali odamlarga yuqqan MERS virusi bugun ham mavjud. Faqat endilikda tuyalar bilan ishlovchi odamlarda ushbu virusga qarshi antitanachalar shakllangan. Shu bois, endilikda bu kasallik insonlarga xavf sololmaydi.
“Biz, insonlar uchun yangi koronavirus ham tez orada deyarli xavfsiz virusga aylanadi. Buning uchun har birimiz oʻta ehtiyotkor va ogoh boʻlishimiz, u haqidagi bilimlarimizni tobora oshirib borishimiz kerak”, – deydi Anna Baranova.