Koronavirus neft sanoatini sindira oladimi?
Buyuk Britaniyaning “The guardian” nashri “Koronavirus neft sanoatini sindirib, tabiatni saqlab qola oladimi?”
Buyuk Britaniyaning “The guardian” nashri “Koronavirus neft sanoatini sindirib, tabiatni saqlab qola oladimi?” nomidagi sarlavha bilan yirik tahliliy maqola eʼlon qildi. Maqolada tahlilchilar tomonidan koronavirus pandemiyasi neft sanoatiga salbiy taʼsir etgani va endi bu tarmoq hech qachon avvalgidek boʻla olmasligi borasida dalil va taxminlar keltiriladi.
Koronavirus pandemiyasi sababli neftga boʻlgan talab tushib ketdi. Oqibatda bu sanoat sindi va zoʻrgʻa jon saqlamoqda. U oʻzining yuz yillik tarixida hech qachon bunday jiddiy talafot koʻrmagan, deyiladi maqolada.
Tahlilchilar neft sanoatining inqirozga yuz tutishi oqibatida yashil energiya taraqqiy etishiga yoʻl ochilishini ham taxmin qilishmoqda. Yirik neft sanoati narxlar urushi hamda pandemiya qarshisida kuchsizlanib ulgurdi. Endi ular oldida yashil energiyaga yirik investitsiya kiritish tanlovi ham bor. Bugungi kunda biznes nafaqat daromadli, balki, insoniyatni taraqqiy etishiga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
“Goldman Sachs” maʼlumotlariga koʻra, kuniga 1 million Barrelga teng neft olinuvchi quduqlar bugunga kelib oʻzini oqlamay qoʻygan. Chunki, neft narxi uni yetkazib berish qiymatidan ham pastlagan. Buning ustiga, quduqlar soni kun sayin ortmoqda. Bu energiya tarmogʻi va uning geosiyosatini butunlay oʻzgartirib yuboradi. Endilikda debatlar iqlim oʻzgarishi mavzusi atrofida boradi.
Koronavirus odamlarni uyiga qamashi ortidan neftga boʻlgan talab keskin kamaydi. Odamlar koʻp ishlarni videokonferensiya orqali hal etish mumkinligiga ham koʻnikib borishmoqda.
Neft narxini bu qadar pastlashi neft zaxiralarini izlovchi geologlar loyihalarini moliyalashtirishni ham shubha ostiga solgan. Neftning barreli 35 AQSH dollariga tushib ketishi unga sarflanayotgan kapitalning 75 foizini ham qoplamaydi. Bu quyosh va shamol kabi yashil (ekologik) loyihalaiga koʻproq investitsiya kiritish kerakligini koʻrsatmoqda.
Iqtisodchi va tahlilchi Kretshmarning fikricha, neft tarmogʻi oʻta qaltis va iqlim oʻzgarishiga jiddiy taʼsir etuvchi sohaga aylanib bormoqda. Baʼzi iqtisodchilarning taxminiga koʻra, neft narxi 20 AQSH dollarigacha tushishi kutilmoqda. Bu esa neft sanoatining yoʻq boʻlishiga olib keladi, deydi Kretshmar.
Neft sanoati shundogʻam iqlim oʻzgarishidan xavotirda boʻlgan investorlar tomonidan tanqidlarga uchrab kelmoqda, deydi “Arkadiko Partners” konsultanti Kolin Melvin.
Oksford universiteti energetika tarmogʻi mutaxassislarining fikricha, pandemiya, neftning iqlimga keltirayotgan zarari va moʻtadil boʻlmagan narxlar bu soha investorlarini xavotirga solib ulgurgan.
Biroq, barcha mutaxassislar neft sanoatining inqirozi yashil energiyaning taraqqiy etishiga yoʻl ochishiga ishonayotganlari yoʻq. Neftning arzonlashishi aksincha, uning umrini uzaytirishi va yashil energiya rivojlanishiga toʻsiq boʻlishi mumkin, deydi Oksford universiteti professori Diter Xelm.
Neft narxlari urushining qancha davom etishi Rossiya va Saudiya Arabistonining arzon neftni qachongacha chiqara olishlariga ham bogʻliq. “Bloomberg New Energy Finance” mutaxassisi Maykl Librayx Saudiya Arabistoni uzogʻi 3 yilgacha, Rossiya esa 10 yilga qadar narxlar pasayishiga dosh bera oladi. Lekin, nima boʻlganda ham bu tarmoq yana avvalgidek, daromadli boʻla olmasligi aniq, deydi u.