Koronavirus dunyoga tarqalib ulgurdimi?
Kuni kecha Xitoy koronavirus yuqtirish bo‘yicha yana 508 holat qayd etilganini e’lon qildi.
ShARH
Kuni kecha Xitoy koronavirus yuqtirish bo‘yicha yana 508 holat qayd etilganini e’lon qildi. Ularning katta qismi ofat o‘chog‘i sanalayotgan Uxan shahridan bo‘lib chiqdi. Umuman olganda, mamlakatda jami 77 ming kishiga koronavirus yuqqani aytilmoqda, ulardan 2663 kishi epidemiya qurboni bo‘lgan.
Taassufki, avval boshda koronavirus faqat Xitoyda tarqalgani aytilgandi. Bu ofat mamlakat chegarasidan tashqariga chiqmaydi, deb ko‘nglini xotirjam qilganlar ham bo‘ldi. Xitoy hukumati esa kasallik nazorat ostiga olingani, yuqtirish holati kamayib borayotgani haqda bot-bot ta’kidladi. Ammo koronavirus hali orqaga chekinmayotgani, aksincha, endi boshqa mamlakatlarga ham shitob bilan kirib borayotgani dunyo ahlini tashvishga solib qo‘ymoqda.
Janubiy Koreyada hozirgacha koronavirusdan 10 kishi qurbon bo‘ldi, virusni yuqtirganlar soni esa mingdan oshgan. Hatto, AQShning ushbu mamlakatdagi qattiq qo‘riqlanadigan harbiy bazasida xizmat qilayotgan bir askarda ham virus aniqlandi. Ayni paytda, AQSh hukumati o‘z fuqarolariga agar juda zarur bo‘lmasa, Janubiy Koreyaga bormay turishni tavsiya qilmoqda. Boshqa davlatlar ham shu fikrda, samolyot qatnovlarini bekor qilish choralari ko‘rilmoqda.
Yaponiyada ham koronavirus bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolmoqda. Kunchiqar mamlakatida hozirgacha 850 dan ortiq kishi virus yuqtirgan. Ularning ko‘pchiligi karantinda saqlanmoqda. Okeanda suzib yurgan sayohat kemasidagi turistlarning ommaviy xastalanishi tufayli layner hamon qirg‘oqqa yaqinlashtirilmayapti. Kemada to‘rt kishi vafot etgan.
Hozir kommunikatsiya vositalari, transport imkoniyatlari juda rivojlangan. Bir mamlakatdan boshqa mamlakatga borish uchun 40 kunlab yo‘l bosiladi, degan gaplar endi ertakka aylangan. Ammo, faqat inson harakati tezlashgan, desak xato bo‘ladi. Inson dunyoning bir nuqtasidan boshqa bir nuqtasiga qanchalik tez yetib bormasin, koronavirus ham u bilan bir vaqtda o‘sha shaharga yoki manzilga kirib bormoqda.
Bir necha kun bo‘ldiki, xalqaro hamjamiyatning nigohi Eronga qaratilgan. Chunki Eronda ham kasallik holatlari kutilmaganda ko‘payib bormoqda. Bu yerda virus yuqtirganlar soni allaqachon 100 kishidan oshib ketdi, vafot etganlar soni esa 20 kishiga yaqinlashdi.
Eronga yaqin bo‘lgan Fors ko‘rfazi mamlakatlari, jumladan Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn samolyot qatnovlariga cheklov joriy qilmoqda. Pokiston esa chegarasini vaqtincha yopishga majbur bo‘ldi.
AQSh virusga qarshi kurashish uchun 2,5 milliard dollar sarflashni rejalashtirmoqda. Chunki, AQShda ham 53 kishi koronavirus yuqtirgani aytilmoqda.
Koronavirus epidemiyasiga chalinganlar Germaniya, Fransiya, Ispaniyada ham qayd etilyapti, bu borada Italiyada ahvol ayniqsa, chatoqroq. Apennin orolida jami kasallikka chalinganlar soni 280 kishidan oshdi. Yetti kishi vafot etdi, ularning olti nafari Lombardiya viloyatidan.
O‘tgan yakshanba kuni Italiya hukumati epidemiyaning oldini olish uchun bir qator favqulodda choralar ko‘rdi. Lombardiya va Venesiyaning ayrim shaharlariga karantin joriy qilindi. Endi bir necha kun taxminan 50 ming kishi uylarini ruxsatsiz tark eta olmaydi. Hatto, ayrim muhim futbol uchrashuvlari bo‘sh stadionlarda o‘tkaziladigan bo‘lyapti.
Tailandda dekabr-yanvar oyida jami 40 kishi xastalangan bo‘lsa, ularning 24 nafari to‘liq sog‘ayib ketdi. Qolganlari esa, hamon kasalxonada vrachlarning qattiq nazorati ostida saqlanmoqda.
Ozarbayjonda ham yetti kishi kasalxonaga yotqizildi. Ularning besh nafari Eron fuqarosi bo‘lib chiqdi. Umuman, ushbu mamlakatda hozirgacha jami 20 kishi koronavirus yuqtirib olgani uchun karantinda saqlanmoqda.
Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti mutaxassislari koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqish uchun yana ikki yil kerak bo‘lishini aytmoqda. Lekin COVID-19, deb atalayotgan ofat dunyo bo‘ylab o‘zining “salb” yurishini davom ettirmoqda, u na chegarani biladi, va na to‘siqni ko‘radi. Bir umid shuki, qish sovug‘i orqaga chekinib, kunlar tezroq isib ketsin. Tabiiy ofatni tabiatning o‘zi yengmasa, inson hozircha ojizlik qilmoqda.