Ko‘rik-tanlov: “Zamonamiz begoyimlari”
Jizzax viloyatining Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh Yangiobod tumanida Mening armiyam – mening faxrim shiori ostida harbiy xizmatchilarining oila a’zolari o‘rtasida “Zamonamiz begoyimlari” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Ushbu ko‘rik-tanlov Yangobod tuman hokimligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash hamda madaniyat ishlari tuman bo‘limlari hamkorligida tashkil etildi.
Unda harbiy xizmatchilarning oila a’zolaridan tashkil topgan “Begoyimlar”, “Matonatli ayollar” va “Bekajonlar” jamoalari ishtirok etdi.
Bellashuv ishtirokchilari 7 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Jumladan, qatnashchilar san’at, adabiyot, sport, chevarlik, pazandalik, alla aytish, turmush o‘rtoqlarini harbiy safarbarlikka tayyorlash kabi shartlarda o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Harbiylarning oila a’zolari o‘rtasida keskin va murosasiz o‘tgan bellashuvning har bir sharti hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, “Mening armiyam – mening faxrim” shiori ostida o‘tgan “Zamonamiz begoyimlari” ko‘rik-tanlovida 1-o‘rinni “Matonatli ayollar” jamoasi egalladi.
Harbiy xizmatchilarning oila a’zolaridan tashkil topgan g‘olib jamoa a’zolari va barcha ko‘rik-tanlov ishtirokchilari tashkilotchilarning diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA